Peruda Gitler Mussolini ismli siyosatchi mer etib saylandi

Peruda Gitler Mussolini ismli siyosatchi mer etib saylandi

Peruning And tog‘laridagi kichik Kveropalka tumani merligi uchun o‘tkazilgan saylovda Gitler Mussolini Simeon Flores ismli siyosatchi g‘alaba qozondi. U saylovda 34,54 foiz ovoz to‘plab, raqiblaridan o‘zib ketdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

45 yoshli Flores «Ahora Nación» partiyasidan nomzod sifatida qatnashgan. U 229 ta ovoz olgan. Uning eng yaqin raqibi Gaspar Osorio esa 204 ta ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Shu tariqa, Flores raqibidan atigi 25 ta ovoz ko‘proq to‘plagan.

Siyosatchining ismi ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Uning ism-sharifi tarkibidagi «Gitler» va «Mussolini» so‘zlari XX asrning eng mashhur diktatorlari — Adolf Gitler va Benito Mussolini nomlarini eslatadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Flores 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda g‘alaba qozongan. Biroq xabarlar e’lon qilingan paytda uning g‘alabasi rasman e’lon qilinishi kutilgan edi. U 2027 yil 1 yanvardan merlik lavozimiga kirishadi.

Ta’kidlash joizki, siyosatchining tarixiy shaxslar bilan bir xil nomga ega ekani uning mafkuraviy qarashlari ham ularnikiga o‘xshashligini anglatmaydi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar