Messi Ispaniya qiroli va qirolichasi ishtirokidagi rasmiy kechki ovqatda qatnashishi kutilmoqda

Messi Ispaniya qiroli va qirolichasi ishtirokidagi rasmiy kechki ovqatda qatnashishi kutilmoqda

Argentinalik futbolchi, sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi Lionel Messi Ispaniya qiroli Felipe VI va qirolicha Letisiya ishtirokidagi rasmiy kechki ovqatda qatnashadi. Bu haqda «Marca» nashri xabar berdi.

Messining Ispaniyaga tashrifi 2026 yilgi Asturiya malikasi nomidagi sport mukofotini qabul qilib olish bilan bog‘liq. Futbolchi 22 oktyabr kuni Ovedo shahriga yetib borishi kutilmoqda.

Shu kuni u Ovedo sport saroyida maktab o‘quvchilari, yoshlar va muxlislar bilan uchrashuvda ishtirok etadi. Kechqurun esa Ispaniya qirollik oilasi va mukofotning boshqa sovrindorlari ishtirokidagi rasmiy kechki ovqatga borishi rejalashtirilgan.

Mukofotlarni topshirish marosimi 23 oktyabr kuni Ovedodagi Kampoamor teatrida bo‘lib o‘tadi. Messi Asturiya malikasi nomidagi sport mukofoti bilan taqdirlanadi. Ushbu sovrin futbolchiga sportdagi muvaffaqiyatlari va ehtiyojmand bolalarning ta’lim olishi hamda tibbiy yordamdan foydalanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya ishlari uchun berilmoqda.

Marosimdan keyin Messi AQSHga qaytib, «Inter Mayami» safidagi navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishi kutilmoqda. «Marca» ma’lumotiga ko‘ra, jamoa 25 oktyabr kuni «Nyu-York Red Bullz»ga qarshi maydonga tushadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar