AQSHda sahifalarini ag‘darish uchun 10 kishi kerak bo‘ladigan ulkan kitob namoyish etilmoqda (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Los-Anjeles markaziy jamoat kutubxonasining 100 yilligi munosabati bilan dunyodagi eng katta pop-up kitob hisoblangan «Luceros y Penumbras» asari namoyish etilmoqda.
- Rassom Deniyel Gonsales tomonidan yaratilgan va Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan ushbu ulkan asarning sahifalarini ag‘darish uchun 10 kishining yordami talab qilinadi.
AQSHning Los-Anjeles shahrida dunyodagi eng katta hajmli pop-up kitob — «Luceros y Penumbras» («Yulduzlar shu’lasi va soyalar») namoyish etilmoqda. Uning sahifalarini ag‘darish uchun 10 kishining yordami kerak bo‘ladi, asarni ko‘rgazma zaliga joylashtirish uchun esa maxsus muhandislik yechimlaridan foydalanilgan. Bu haqda Guinness World Records xabar berdi.
Kitob Los-Anjeles markaziy jamoat kutubxonasining 100 yilligi munosabati bilan yaratilgan. U Richard J. Riordan nomidagi markaziy kutubxonaning rotundasida — dumaloq zalida joylashtirilgan.
Los-Anjeleslik rassom va grafika ustasi Deniyel Gonsales tomonidan yaratilgan asar yopiq holatda 4,7 metr balandlik va 6,1 metr kenglikka ega. To‘liq ochilganda esa taxminan 9,45 metr kenglikdagi kompozitsiya hosil bo‘ladi. Undagi ayrim qog‘ozdan yasalgan hajmli tasvirlar 3,35 metrgacha ko‘tariladi.
Kitobning ulkan o‘lchamlari sabab uni kutubxona eshiklaridan yaxlit holda olib kirish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun asar alohida qismlarga bo‘lib tayyorlangan, binoning ikkinchi qavatiga olib chiqilgan va rotundada qayta yig‘ilgan.
«Luceros y Penumbras» ikkita katta hajmli ochilma kompozitsiyadan iborat. Ularning birida kutubxona binosi tungi osmon bag‘ridan ko‘tarilayotgandek tasvirlangan. Ikkinchi kompozitsiyada esa turli hayvonlar va ramzlar bilan bezatilgan ulkan «Donishmandlik daraxti» aks etgan. Ushbu tasvirlar bilim, xotira, madaniyat va kashfiyot g‘oyalarini ifodalaydi.
2026 yil 2 iyul kuni rasman taqdim etilgan asar Ginnesning rekordlar kitobi tomonidan dunyodagi eng katta pop-up kitob sifatida e’tirof etildi.
Ushbu ulkan kitob Los-Anjeles markaziy kutubxonasining yubiley tadbirlari doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Tashrif buyuruvchilar uni 2027 yil 17 yanvargacha bepul tomosha qilishlari mumkin.






























Izohlar 0
…