AQSH aviatsiya tizimidagi yirik uzilish sababi ma’lum bo‘ldi

AQSH aviatsiya tizimida qariyb besh soat davom etgan uzilish va 20 mingdan ortiq reysning kechikishi yoki bekor qilinishiga davlat pudratchisi L3Harris tomonidan o‘rnatilgan router sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qurilma boshqa routerlarga haddan tashqari ko‘p ulanish so‘rovlarini yuborib, aloqa tizimiga ortiqcha yuklama tushirgan. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Hodisa 13 noyabr kuni yuz bergan. AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) xavfsizlik nuqtayi nazaridan mamlakat bo‘ylab parvozlarni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Muammo mamlakatdagi 22 ta parvozlarni boshqarish markazining 17 tasida kuzatilgan.
AQSH transport vaziri Shon Daffining aytishicha, L3Harris kompaniyasi eski mis simli aloqa liniyalarini optik tolali tizimga almashtirish bo‘yicha rejali texnik ishlarni olib borayotgan bo‘lgan. Muammolar Arkanzas va Texas shtatlaridagi obyektlarga o‘rnatilgan routerlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Daffining tushuntirishicha, yangi routerlar har 4–5 soniyada boshqa qurilmalarga 1 000 dan ortiq ulanish so‘rovini yuborgan. Natijada FAA markazlarida samolyotlar va radarlar bilan bog‘liq ma’lumotlar almashinuvida beqarorlik yuzaga kelgan.
Hozircha nosozlik routerlarning o‘zidagi nuqson sababli yuz berganmi yoki ularni o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida xatoga yo‘l qo‘yilganmi, aniqlanmagan. Daffi kompaniya vakillari bilan birgalikda hodisa sabablarini o‘rganish davom etayotganini bildirgan.
L3Harris kompaniyasi hodisani jiddiy qabul qilayotganini va tekshiruvda FAAga yordam berayotganini ma’lum qilgan. Kompaniya eski mis simli aloqa tizimini optik tolali tarmoqqa o‘tkazish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarning 70 foizdan ortig‘ini bajargan.
Ma’lum qilinishicha, almashtirilishi rejalashtirilgan routerlar qariyb 25 yildan beri ishlatilgan. Ularni 2006 yildayoq yangilash ko‘zda tutilgan edi. AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati esa eskirgan aloqa tizimlarini saqlash uchun yiliga qariyb 1 milliard dollar sarflaydi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…