00:30 / 17.10.2017
6 304

Jeenbekov Atamboyev ishini davom ettirishga va’da berdi

Jeenbekov Atamboyev ishini davom ettirishga va’da berdi
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan mamlakat sobiq bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov avvalgi ma’muriyat ishini davom ettirish va jamiyatda mavjud bo‘lgan qoidalar hamda o‘zaro munosabatlarni o‘zgartirmaslikka va’da qildi.

Qirg‘iziston MSK rahbari Nurjan Shayldabekovaning RIA Novosti’ga xabar berishicha, saylov byulletenlarining 97 foizi qayta ishlanganidan keyin Jeenbekov Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongani ma’lum bo‘lgan. Markaziy saylov komissiyasi veb-saytiga ko‘ra, u 55 foiz ovoz to‘plab, birinchi turda g‘alaba qozondi.

Jeenbekovning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Qirg‘izistondagi saylovlar faqat xalq davlatning taqdirini hal qilishini butun dunyoga ko‘rsatdi. «Bugun Qirg‘iziston dunyoga demokratik suveren davlat ekanimizni ko‘rsatdi», - dedi u.

Jeenbekovning ta’kidlashicha, demokratik saylovlarni o‘tkazish «bunday tizimni qurgan» amaldagi prezident Almazbek Atamboyev tufayli yuz berdi. U o‘z muxoliflariga ham minnatdorlik bildirib, xalq va mamlakat uchun katta mas’uliyat hissida ekanini ta’kidladi.

«Olti yil mobaynida ko‘p narsalarga erishildi va mening vazifam bularning barchasini saqlab qolish hamda mustahkamlashdir», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi hukmron partiyadan nomzod.

Jeenbekov respublikaning janubiy mintaqasida tug‘ilgan - 1958 yil 16 noyabrda O‘sh viloyatida tavallud topgan. 1983 yilda «zooinjener» mutaxassisligi bo‘yicha Qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan. Sovetlar tuzumi davrida KPSS tuman qo‘mitasida yo‘riqchi, qishloq partiya qo‘mitasining kotibi bo‘lib ishlagan hamda kolxoz xo‘jaligi boshlig‘i lavozimini egallagan.

1996 yilda Jeenbekov Qirg‘iziston parlamentiga saylandi va 11 yillik faoliyatini deputatlikka bag‘ishladi. 2007 yilda sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev davrida qishloq, suv xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri lavozimini egallagan. Bakiyev 2010 yilda hokimiyatdan chetlatilgach, muvaqqat inqilobiy hukumat tarkibida O‘sh viloyati davlat ma’muriyatini boshqargan. 2016 yilda prezident Almazbek Atamboyev uni o‘z devoni rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinladi.

2016 yilning aprelida Qirg‘iziston Respublikasi Sotsial-demokratik partiyasi (SDPK) tashabbusi bilan Jeenbekov respublikaning bosh vaziri etib tayinlandi. 2017 yil may oyida SDPK siyosiy kengashi uni prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatdi, mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, Jeenbekov hukumat boshlig‘i lavozimidan saylovda ishtirok etishi tufayli rasmiy ravishda iste’foga chiqdi.

Sobiq bosh vazir hech qachon faol siyosiy karerani qurmagan va qirg‘iz elektoratiga unchalik yaxshi tanish emas. U nomzod sifatida ilgari surilganida reytingi turli tadqiqotlarning bahosiga ko‘ra, 3 dan 6 foizgacha bo‘lgan. Biroq, to‘g‘ri saylov kampaniyasi va prezident yordami tufayli oktyabr oyi boshida reyting 40 foizgacha yetdi.

Atamboyev o‘z nutqlarida bir necha bor ushbu nomzodga ishonishini aytgan. «Men uni 1995 yildan buyon - 20 yildan ko‘proq vaqtdan beri taniyman. Shu yillar davomida men uni juda halol inson sifatida ko‘rib kelganman... Jeenbekov - juda yaxshi odam, hech qanday narsalarga aralashib qolmagan. Agar u saylanadigan bo‘lsa, ochiq jamiyatni qurish bo‘yicha siyosatni davom ettiradi», - deya aytib o‘tgandi amaldagi prezident.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jeenbekov Atamboyev ishini davom ettirishga va’da berdi