
Savob ish qilmaslik uchun hech bir bahona sabab boʻlolmasa kerak. Koʻzi koʻr Dzya Xaysya hamda uning qoʻlsiz doʻsti Dzya Venchi oʻn ikki yil ichida sahroga oʻxshash joyni ajoyib daraxtzorga aylantirishga muvaffaq boʻlishdi. Bu ikki doʻst yosh boʻlmasa ham, baʼzi bir yumushlarni oʻzlari mustaqil bajara olishmasa ham — ular birgalikda haqiqiy kuchga aylanishdi.

Ellik uch yoshli Xaysya chap koʻzida katarakta bilan tugʻilgan. 2000 yili esa baxtsiz hodisa tufayli oʻng koʻzi ham koʻrmay qoldi. Tengdoshi Venchi esa uch yoshida ikkala qoʻlidan ayrilgan. Shubhasiz, ularning har ikkisi ish topishga qattiq qiynalishgan. Lekin jamiyatga foydali inson boʻlish istagi ularni boʻsh kelmaslikka undadi. Ikkala doʻst oʻzlari yashaydigan qishloq yaqinidagi sakkiz akr boʻsh yerni birgalikda koʻkalamzorga aylantirishga qaror qilishdi. Ular yaqin-atrofdagi yerning iqlimini yaxshilabgina qolmay, qishloqni bahorgi seldan himoya qilishni ham oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻyishadi.

Har kuni doʻstlar soat 7:00 dan uygʻonib, ishga kelishadi. Doʻkondan koʻchat sotib olishga pullari boʻlmagani uchun Xaysya va Venchi qalamchalarni oʻzlari oʻstirishadi. Bir necha yil ichida ular hamma ishni birgalikda bajarishga oʻrganib qolishdi: Xaysya Venchining yelkasiga qoʻlini qoʻyib harakatlanadi. Koʻchat yetishtirish uchun qalamchalarni Xaysya daraxtga tirmashib oladi. Venchi boʻlsa qalamchalarni oʻstirib, doimo suv qoʻyib turadi. Xaysya esa unib chiqqan koʻchatlarni ekadi. Mana shunday ahillikdagi mehnat ortidan ular oʻn ikki yil davomida 10 000 dan ziyod daraxt ekishga muvaffaq boʻlishdi. Umuman olganda, bu sogʻlom inson uchun ham juda katta yutuq.

Ularning bu ishi Xitoy yangiliklarida namoyish etilgach, nogiron doʻstlar butun mamlakatga mashhur boʻlib ketdi. Xaysya va Venchi yurtdoshlaridan koʻp dalda hamda yordam olishdi. Nomini sir saqlashni istagan bir saxovatpesha ularning har ikkisi uchun butun umrlik nafaqa ajratilishi uchun xayriya mablagʻini oʻtkazib berdi. Kimdir esa Xaysyaga chap koʻzini davolatish uchun jarrohlik amaliyotini oʻtkazishni taklif etibdi. Ayni damda bu ikkovlon hamon savobli ishlar qilish bilan band.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar