Protez qo‘l bilan skripka chalgan yapon ayoli Ginnes rekordini yangiladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Yaponiyalik 42 yoshli Manami Ito protez qo‘l yordamida skripka chalgan dunyodagi birinchi musiqachi sifatida Ginnesning 2027 yilgi Rekordlar kitobiga kiritildi.
- 2004 yilda avtohalokat oqibatida o‘ng qo‘lidan ayrilgan ayol uzoq yillik mashqlar va maxsus moslamalar yordamida musiqiy mahoratini qayta tikladi.
Yaponiyalik 42 yoshli Manami Ito og‘ir avtohalokat oqibatida o‘ng qo‘lidan ayrilgan bo‘lsa-da, sevimli mashg‘ulotidan voz kechmadi. U uzoq yillik mashqlar va maxsus protez yordamida yana sahnaga qaytib, protez qo‘l bilan skripka chalgan dunyodagi birinchi musiqachi sifatida Ginnesning 2027 yilgi Rekordlar kitobidan joy oldi.
Manami ushbu e’tirofga 2012 yil 5 avgust kuni Yaponiyaning Kobe shahrida tashkil etilgan tibbiy konferensiyadagi chiqishidan so‘ng sazovor bo‘lgan.
U bolaligidan skripka chalishga qiziqqan va ko‘p yillar davomida bu san’at bilan shug‘ullangan. Biroq 2004 yilda sodir bo‘lgan avtohalokat uning hayotini butunlay o‘zgartirdi. Ayol o‘ng qo‘lidan ayrildi va bir muddat sevimli mashg‘ulotidan uzoqlashishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, oilasining qo‘llab-quvvatlashi va maxsus tayyorlangan protez yordamida yana musiqaga qaytishga qaror qildi.
Sahnaga qayta chiqish va avvalgi mahoratini tiklash uchun Manamiga bir necha yillik mashqlar kerak bo‘ldi. U skripka kamonchasini odatdagidek torlarga bosish imkoniga ega bo‘lmagani sababli, og‘irroq violonchel kamonchasidan foydalanishni boshladi. Bundan tashqari, uning og‘irligini oshirish uchun kamonchaga qo‘shimcha tosh ham mahkamlaydi.

Musiqachining tushuntirishicha, protezning o‘zi bilan skripkadan kerakli ovozni chiqarishning imkoni yo‘q. Shu bois u torlarning burchagini o‘zgartirish va ovoz balandligini boshqarishda butun tanasining harakatidan foydalanadi.
«Chap yelkamdan orqa tomonga o‘tkazilgan sim o‘ng kuragimning harakati orqali tortiladi. Protez bo‘g‘imlarining harakatlanishi esa uning uchiga mahkamlangan kamonchani harakatga keltiradi», — deb o‘zining noodatiy ijro usulini tushuntirdi Manami.
Uning eng e’tiborga molik chiqishlaridan biri 2021 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan. Manami Ito Tokio shahrida tashkil etilgan Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida skripka chalib, tomoshabinlar e’tiborini qozongan.
Bugungi kunda yapon musiqachisi o‘zining g‘ayrioddiy ijro uslubi va matonati bilan ko‘pchilikka namuna bo‘lib kelmoqda. Uning tarixi insonning qat’iyati va sevimli ishiga bo‘lgan mehri hatto eng qiyin to‘siqlarni ham yengib o‘tishga yordam berishini ko‘rsatadi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…