date
views 2 359

«Osmon ochilishi» chiptalar arzonlashishiga olib keladi

«Osmon ochilishi» chiptalar arzonlashishiga olib keladi
Yaqinda Qozog‘istonning Olmaota shahridagi xalqaro aeroport 415 million dollarga sotilgani ma’lum bo‘lgandi. Bu xabar o‘zbekistonlik blogerlarning yana aeroportlarni xususiylashtirish borasida fikr bildirishlariga asos bo‘ldi.

O‘zbekistonlik taniqli iqtisodchi va bloger Behzod Hoshimov telegramdagi kanalida bu borada o‘z fikrlarini bildirdi: «Olmaota aeroportini 415 million dollarga sotib yuborishibdi (Olmaota aeroporti 1994 yildan buyon xususiy). Sotib oluvchi Turkiyaning TAV Airports Holding kompaniyasi.

Biz ham shu inqiroz paytida barcha aeroportlarimizni xususiylashtirib yuborsak yaxshi bo‘lardi. Qarabsanki, inqirozdan keyin O‘zbekistonda aviatransport ham balki rivojlanar. Shuncha yil raqobatsiz bo‘lgan aviatransport uchun raqobatchilar kirib kelsa, iqtisodiyotimizga juda ko‘p foydasi tegar edi.

Albatta, xususiylashtirish jarayoni adolatli va shaffof bo‘lishi kerak. Buni ta’minlash esa unchalik qiyin emas. Xullas, 2020 yilga umidlarimdan biri eng kamida Toshkent aeroporti xususiylashtirilishi. Xususiylashtirish va «osmon ochilishi» natijasida chipta narxlari tushishi aniq
», deb yakunlagan iqtisodchi postini.

Behzod Hoshimovning fikrlarini qo‘llab quvvatlagan taniqli huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham aeroportlar xususiylashtirilishi haqida ba’zi mulohazalarini bildirdi: «Shu choqqacha xalq to‘lagan soliqlar evaziga faoliyat yuritib kelgan aeroportlar va «Uzbekistan Airways» kompaniyasi ishonchni oqlayotgani yo‘q.

Aksincha, ular zarar ko‘rmasligi uchun monopolga aylantirib qo‘yishgan va barcha og‘irlik xalqning gardaniga tushmoqda: chiptalar qimmat, xizmatlar sifatsiz, rivojlanish sust. Davlat budjeti na ular to‘laydigan soliqlardan, na ular topgan daromaddan tayinli foyda ko‘rayotgani yo‘q.

Ya’ni, xalq o‘zi to‘layotgan soliqlari evaziga kun ko‘rayotgan kompaniyalar sababli yana o‘zi qo‘shimcha to‘lov qilishga, ziyon ko‘rishga majbur bo‘lmoqda. Bu o‘ta oddiy hayot haqiqatini anglash uchun iqtisod fanlari professori bo‘lish shart emas.

Shu sababli iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida tezroq davlat ulushini kamaytirish va ularni xususiylashtirish kerak. Har bir sohaga qancha tez raqobat kirib kelsa, bundan faqat va faqat xalq yutadi. Xalq yutdi degani davlatga ham foyda degani. Faqat xususiylashtirish jarayoni ochiq, oshkora va shaffof o‘tishi kerak», degan Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z kanalidagi postida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda birorta xususiy aeroport mavjud emas. O‘z navbatida, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ham mamlakatdagi yagona aviakompaniya hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Osmon ochilishi» chiptalar arzonlashishiga olib keladi