10:24 / 26.06.2020
885

Basseynda niqob koronavirusdan himoya qiladimi?

Basseynda niqob koronavirusdan himoya qiladimi?
Yaponiyada suzish bo‘yicha murabbiylarning xavfsiz ishlashi uchun niqoblarga talab oshmoqda. Basseynda niqobning nima keragi bor, degan savolga basseyn uchun niqob ixtirochisi, «Rockin'Pool» kompaniyasi prezidenti Dzyun’ya Nisigava javob berdi.

Yaponiyada cheklovlar olib tashlanishining ilk bosqichida basseynlarni ham ochishga ruxsat berildi. Sport ishlari agentligiga ko‘ra, basseyn suvi orqali koronavirus infeksiyasini yuqtirish ehtimoli nihoyatda kam. Shunga qaramay, basseynlar, aniqrog‘i, suzish bo‘yicha murabbiylar uchun maxsus niqoblar ishlab chiqishga zarurat tug‘ildi.

«Basseyn suvi tarkibida kuchli bakteritsid ta’sirga ega natriy gipoxloriti bo‘lganligi bois suv orqali koronavirus yuqmaydi. Biroq infeksiyaning havo-tomchi orqali yuqish xavfi saqlanib qolmoqda. Sportning boshqa turlaridan farqli o‘laroq suzishni o‘rgatish va mashg‘ulotlar vaqtida murabbiy va o‘rganuvchilar yonma-yon, yuzma-yuz turishadi, ustiga-ustak, qo‘l va oyoq harakatlarini ko‘rsatish, to‘g‘rilash kerak bo‘ladi. Shu bois ular orasidagi masofa juda yaqin bo‘ladi. Shuningdek, nafas mashqlari va nafas olish texnikasini tushuntirish vaqtida murabbiy va o‘rganuvchilar bir-biriga qarama-qarshi turgan holda qo‘llarini ushlab turishadi: nafas chiqarganda mayda tupuk zarralari og‘izdan-og‘izga tushishi mumkin», — dedi Nisigava.

Bunda oddiy niqob to‘g‘ri kelmaydi — u suvda ho‘l bo‘lib qoladi, ustiga-ustak, o‘rganuvchilar murabbiyning yuz ifodasini ko‘rishmaydi — bu esa, Nisigavaning fikricha, «o‘rganish samaradorligi uchun nihoyat muhim sanaladi».

«Mashg‘ulotlar sifatini pasaytirmagan holda koronavirus tarqalishiga qarshi samarali va ishonchli usul o‘ylab topish haqida bosh qotira boshlaganimda xayolimga shaffof niqoblar keldi», — dedi «Rockin'Pool» kompaniyasi rahbari. Mashg‘ulot uchun shaffof niqoblar yana bir vazifani bajaradi — ota-onalarga basseynda farzandlarini himoya qilish uchun samarali choralar ko‘rilganini ko‘rsatib beradi. Hozir ayrim basseynlarda 30 foizgacha bolalar kasallikni yuqtirib olishdan qo‘rqib mashg‘ulotlarga qatnamay qo‘yishgan yoki umuman suzishni tashlashgan.

Birinchi bosqichda kompaniya oyiga 2 mingta niqob ishlab chiqardi. Biroq talab oshgach, 20 mingta niqob ishlab chiqarishga kirishdi. Yaponiyadagi 1200 ta basseyn va suzish klublaridan buyurtmalar kelib tushgan. AQSH, Avstraliya, Xitoy, Singapur, Gonkongdan ham talablar tushmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)