20:39 / 25.07.2020
4 021

Ikki prezident dasturxon ustida shokoladni talashib qoldi...

Ikki prezident dasturxon ustida shokoladni talashib qoldi...
Foto: Reuters
Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi «Bo‘ron turganda» (Le Temps des Tempêtes) deb nomlangan memuar asarida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan bog‘liq qiziqarli hodisani hikoya qildi. Bu haqda Rossiya matbuoti FranceInfo nashriga tayanib xabar beradi.

Ikki prezidentni noqulay ahvolga solib qo‘ygan voqea 2007 yili Germaniyaning Hayligendamm shahrida tashkil etilgan «Katta sakkizlik» davlat rahbarlari uchrashuvida ro‘y bergan.

Hikoya qilinishicha, taom payti Nikolya Sarkozi va Vladimir Putin taqsimchada qolgan bittagina shokolad bo‘lagiga baravariga qo‘l uzatgan.

«O‘ng‘aysiz holat yuzaga keldi. Barcha (prezidentlar) qiziqish ila qanday yo‘l tutishimizni kuzatar edi. Na kamina, na Putin bir og‘iz so‘z aytdi. Qani kim avval taslim bo‘larkan deya bir-birimizga sinovchan tikilib qoldik. Qo‘qqisdan ikkalamiz ham qah-qah urib kulib yubordik. Axir, bu o‘rinda g‘olib-mag‘lub bo‘lishi mumkin emas edi. Oxir-oqibat shokoladning so‘nggi bo‘lagini tanovul qilish fikridan voz kechdik, taqsimchani nari surib qo‘ydik», – deb yozadi N.Sarkozi.

Qayd etilishicha, Vladimir Putinning kunlik ovqatlanish ratsioniga yog‘siz go‘sht, baliq, yorma, tuxum, meva va sabzavotlar kiradi. Rossiya rahbari kechki payt parhez saqlab, sut mahsulotlari iste’mol qilishni ma’qul ko‘radi.

Davlat rahbarlarining taomlanishi xususida so‘z borganda, AQSH prezidenti Donald Tramp parhezdan yiroq, «nosog‘lom» ovqatlarga ruju qo‘ygani aytiladi.

74 yoshli Tramp gamburger, sendvich, pitssa kabi tez tayyorlanadigan yeguliklarni xush ko‘radi. Oq uyning amaldagi rahbari ichimlik borasida ham o‘zini ko‘p chegaramaydi, shifokorlar taqiqiga qaramay doim koka kola va shokolad kokteyli iste’mol qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)