10:13 / 04.08.2020
1 009

Afg‘onistondagi turmaga hujum vaqtida qochgan mingdan ko‘proq mahbus ushlandi

Afg‘onistondagi turmaga hujum vaqtida qochgan mingdan ko‘proq mahbus ushlandi
Foto: twitter.com/TReporta
2 avgustda Afg‘onistonning Jalolobod shahrida joylashgan turmaga hujum vaqtida qochib ketgan mahbuslardan mingdan ko‘prog‘i ushlandi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum vaqtida halok bo‘lganlar soni 29 nafarga yetgan.

Terrorchi-xudkush turma yaqinida portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashinani portlatgan. Shundan keyin turma ichiga jangarilar bostirib kirgan. Jangarilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 17 soat davom etgan.

Jalolobod shahri joylashgan Nangorhor viloyati gubernatori vakili Oyatulloh Xo‘gyoniyning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda jangarilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi otishma yakunlangan. Barcha terrorchilar yo‘q qilingan.

Turmaga hujum vaqtida u yerda saqlagan mingdan ko‘proq mahbus qochib ketgan. Ulardan 1025 nafari ushlangan. Qochoqlarning aniq soni hali o‘rnatilmagan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, hujumda kamida 8 terrorchi ishtirok etgan. Ularning barchasi bartaraf etilgan, jumladan 5 nafari turma ichida o‘ldirilgan. Shuningdek, otishma vaqtida 3 mahbus halok bo‘lgan. Hujum vaqtida halok bo‘lganlarning umumiy soni 29 nafarga yetgan.

O‘ldirilganlar orasida fuqarolar, xavfsizlik xizmati xodimlari va mahbuslar bor. Shuningdek, 50 dan ko‘proq odam yaralangan”, deb ma’lum qilgan Xo‘gyoniy. Hujumga uchragan turmada “Tolibon” va ISHID jangarilari saqlangan.

Hujum uchun javobgarlikni ISHIDga aloqador guruhlardan biri o‘z zimmasiga olgan. Ta’kidlanishicha, hujum Jalolobod yaqinida ISHID qo‘mondonlaridan birining yo‘q qilinishi uchun o‘ch olish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Hujum Qurbon hayiti nishonlanishi vaqtida sodir etilgan. Avvalroq Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” hayit munosabati bilan 3 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)