23:55 / 02.10.2020
2 177

Belgiya sobiq qirolining nikohsiz tug‘ilgan qizi sud orqali malika maqomiga erishdi

Belgiya sobiq qirolining nikohsiz tug‘ilgan qizi sud orqali malika maqomiga erishdi
Foto: «Woman.ru»
Belgiyaning sobiq qiroli Albert II ning noqonuniy qizi, rassom Delfin Boel malika unvoniga ega bo‘lish huquqiga erishdi. Ushbu qaror Bryussel Apellyatsiya sudi tomonidan qabul qilindi, deb yozadi Belgiyaning VRT nashriga tayanib Meduza.

Boelning o‘g‘li va qizi ham shahzoda va malika maqomlarini olishlari mumkin. Boel otasi Albertning Saksen-Koburg-Gotsk familiyasi va ismiga «Hazarati oliyalari» faxriy unvonini qo‘shib aytilish huquqini ham oldi.

Bundan tashqari, u sobiq monarx merosining sakkizdan bir qismini talab qilishi mumkin.
«Sudda g‘alaba qozonish hech qachon ota mehrining o‘rnini bosolmaydi, lekin bu adolat tuyg‘usini beradi», – deydi Boelning advokati Mark Uyttendal.

Ma’lumot uchun, Delfin Boel 1968 yilda Albert II va baronessa Sibilla de Selis Lonshan munosabatlari natijasida tug‘ilgan. O‘sha paytda ikkalasining ham alohida-alohida turmushi bor edi. Keng jamoatchilik ularning ishqiy munosabati haqida 1999 yildagina bilgan.

Albert II 2013 yilda taxtdan voz kechib, qonuniy daxlsizligini yo‘qotganida, Boel unga qarshi otalikni tan olishni talab qilib sudga murojaat qilgan.

Sud 2019 yilda sobiq monarxga DNK testini topshirishni buyurdi, bu uning Boel bilan qarindoshligini isbotladi. 2020 yil boshida Albert II nikohsiz tug‘ilgan qizini rasman tan oldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belgiya sobiq qirolining nikohsiz tug‘ilgan qizi sud orqali malika maqomiga erishdi