17:25 / 24.11.2020
2 415

Bloomberg talab eng yuqori bo‘lgan COVID-19’ga qarshi vaksinalar reytingini tuzdi

Bloomberg talab eng yuqori bo‘lgan COVID-19’ga qarshi vaksinalar reytingini tuzdi
Dunyoda ishlab chiqarilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar xaridlarning aksariyati Buyuk Britaniyaning AstraZeneca kompaniyasi tomonidan yaratilgan vaksinaga to‘g‘ri kelmoqda. Bu Airfinity Ltd tadqiqot kompaniyasi va Oksford universiteti ma’lumotlari asosida tuzilgan Bloomberg reytingidan ma’lum bo‘ldi, deb yozmoqda «RBK».

Agentlikning ta’kidlashicha, AstraZeneca vaksinasining 40 foizidan ko‘prog‘i yoki 2,4 milliard dozasi o‘rta va kam daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun: Qo‘shma Shtatlar ushbu preparatning 300 million dozasini, Yevropa mamlakatlari 505,3 million dozasini buyurtma qilgan. AstraZeneca vaksinasining o‘rtacha samaradorligi 70 foizni tashkil etadi va samaradorligi 95 foiz bo‘lgan AQSHning Pfizer va Moderna kompaniyalarining vaksinalariga qaraganda past.

Bloomberg’ning yozishicha, bunday talab AstraZeneca vaksinasining arzonligi bilan bog‘liq. Kompaniya pandemiya paytida vaksinadan foyda ko‘rishni mo‘ljallamasligini va preparat uchun narxni 4—5 dollar qilib belgilashini ma’lum qilgan. Taqqoslash uchun, AQSH uchun Pfizer vaksinasining dozasi 19,5 dollarni tashkil etadi (ikkala komponentning qabul qilinishi 39 dollarga tushadi), Moderna vaksinasining narxi esa 32—37 dollarni tashkil etadi.

Agentlikning qayd etishicha, AstraZeneca vaksinasining yana bir katta ustunligi mavjud. Uni muzlatgich haroratida saqlash mumkin, Pfizer va Moderna vaksinalari esa past haroratni talab qiladi. Masalan, Pfizer Selsiy shkalasi bo‘yicha minus 70 darajada saqlanadi.

Koronavirusga qarshi vaksinaga berilgan buyurtmalar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rin AQSHning Novavax kompaniyasiga tegishli (1,4 milliard doza, shundan 160 millioni AQSHda, 100 millioni Yevropada), uchinchi o‘rindan Johnson & Johnson (1,3 milliard doza, shundan 430 millioni AQSHda, 300 millioni Yevropa mamlakatlarida) kompaniyasi joy olgan.

Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi 537,4 million doza buyurtma bilan reytingda yettinchi o‘rinda turibdi. Ushbu vaksinani Yevropa davlatlari va AQSH sotib olmaydi. Rossiyada koronavirusga qarshi ikkita vaksina — «Sputnik V» va «EpiVacCorona» ro‘yxatdan o‘tgan. Mamlakatda vaksinalarning ro‘yxatdan o‘tgandan keyingi sinovlari ko‘ngillilar ishtirokida olib borilmoqda.

Ishlab chiqarilishi Hindiston va Braziliyadagi farmatsevtika kompaniyalari bilan kelishilgan «Sputnik V» vaksinasining Rossiyadagi narxi keyingi haftada e’lon qilinadi. Vaksinani yaratishga homiylik qilgan Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasining ma’lumotlariga ko‘ra, uning narxi Pfizer va BioNTech (1,1 milliard doza buyurtma, Bloomberg reytingida beshinchi o‘rin) yoki Moderna (778,2 million doza, oltinchi o‘rin) vaksinalari narxidan «ancha past» bo‘ladi. Moderna vaksinasining bir dozasi narxi 25—37 dollarni tashkil qiladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Pfizer va BioNTech kompaniyalari vaksinasining dozasi, agar Yevropa Ittifoqi 300 million dozani 4,6 milliard yevroga sotib olsa, 18,3 dollarni tashkil qiladi.

Dunyoda bunday dorilarni ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Hindiston zardoblar instituti mutaxassislarining fikriga ko‘ra, Yerning barcha aholisini ikki komponentli vaksinalar bilan emlash uchun 15 milliard doza vaksina talab qilinadi. «Farmatsevtika kompaniyalari ushbu miqdordagi vaksinalarni 2024 yilgacha ishlab chiqarishi mumkin», — dedi tashkilot ijrochi direktori.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bloomberg talab eng yuqori bo‘lgan COVID-19’ga qarshi vaksinalar reytingini tuzdi