21:05 / 21.01.2021
2 596

«Sen buni o‘zgartirishing kerak». O‘qituvchi va birinchi xonim Jill Bayden o‘zi kim?

«Sen buni o‘zgartirishing kerak». O‘qituvchi va birinchi xonim Jill Bayden o‘zi kim?
Foto: Getty Images
Jill Treysi Bayden AQSHning yangi birinchi xonimiga aylandi. «RBK» Nyu-Jersidan chiqqan 69 yoshli ayolning tarjimai holidan asosiy faktlarni keltirib o‘tdi.

Bo‘lg‘usi prezident bilan tanishuv
Jill Jeykobs 1951 yilda Nyu-Jersida ko‘p farzandli oilada dunyoga keldi. Senator Jozef Bayden bilan tanishgunicha u sobiq futbolchi Bill Stivenson bilan oila qurgan. Ularning turmushi uzoqqa cho‘zilmadi, 1974 yilda ular ajrashdi, oradan bir yil o‘tgach esa Jillning kollejda tanishgan do‘sti Frenk Bayden uni akasi Jo bilan tanishtirib qo‘ydi.

U Jilldan to‘qqiz yosh katta edi, ularning birinchi uchrashuvidan to‘rt yil avval esa avtohalokat oqibatida rafiqasi Neyliya va bir yoshli qizchasidan ayrilgandi. Jill Vogue jurnaliga bergan intervyusida aytib berishicha, birinchi uchrashuvda Jo uni kinoga taklif qilgan, so‘ng uyiga kuzatib qo‘yib, qo‘l berib xayrlashgan. «O‘shanda men uyimga kirib, onamga qo‘ng‘iroq qildim va shunday dedim: ‘Va nihoyat, men jentlmenni uchratdim’», — deya e’tirof etdi u.

Jo va Jill 1977 yilda Nyu-Yorkda turmush qurdi. To‘y juda oddiy bo‘ldi, marosimda kelin-kuyovdan tashqari, faqat Baydenning birinchi turmushida dunyoga kelgan o‘g‘illari Bo va Xanter qatnashdi. «O‘zi shunday rejalashtirilgan edi. Yangi hayotga biz to‘rt kishi bo‘lib qadam tashladik», — deb keyinroq Bayden o‘z kitobida yozdi.

Jo Bayden rafiqasi Jill bilan.
Foto: Twitter/DrBiden

Temir parda ortidagi asal oyi
Jo va Jill asal oyi uchun juda noodatiy joyni tanlab, sotslager mamlakatlaridan biri — Vengriya Xalq Respublikasiga jo‘nab ketdi. Hungary Today nashri yozishicha, Sharqiy Yevropaga borishni Baydenning do‘sti Tom Lantos tavsiya qilgan — uning oilasi AQSHga Vengriyadan emigratsiya qilgan.

Tashrif norasmiy bo‘lgan, ammo Budapeshtda Bayden va rafiqasini hukumat raisining o‘rinbosari Ishtvan Gusar va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yanosh Nad qabul qilgan.

O‘qituvchilikka ishtiyoq
Dastlab Jill moda sanoatida ishlashni mo‘ljallab, Delaver universitetiga o‘qishga kirgan. Ammo bu sohaga nisbatan qiziqishi tezda so‘nib, ingliz tilini o‘qitishga diqqat qaratishga qaror qildi. U, shu jumladan, aqliy nuqsonlari bo‘lgan bolalar bilan ham shug‘ullangan. O‘qituvchilik kasbi uni shunchalik ruhlantirardiki, 1980 yillar oxirida turmush o‘rtog‘iga u bir kun kelib prezident bo‘lsa ham, o‘qituvchilikni hech qachon tashlab qo‘ymasligini aytdi.

Bayden Barak Obama davrida vitse-prezident bo‘lganida Jill haqiqatan ham o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirdi va Vashington yaqinidagi kollejga ishga kirdi. Tarixda birinchi marta vitse-prezidentning rafiqasi o‘z ishini va «ikkinchi xonimlik»ni birgalikda olib bordi, shu sababli Oq uyda uni hurmat bilan «doktor Jill Bayden» deb atashdi. Kollejda o‘z xodimlarining protokol bo‘yicha majburiyatlariga tushunib qarashdi va u rasmiy tadbir yoki tashrif uchun ta’til olishi kerak bo‘lganida, yon bosishdi. Turmush o‘rtog‘ining saylov oldi tadbirlarida esa Jill faqat dam olish kunlari qatnashishga rozi bo‘ldi.

Foto: Reuters / Jill Bayden.
Turmush o‘rtog‘ining siyosiy karerasidagi ishtiroki
Jill Bayden 1988 yildayoq AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yishga uringan turmush o‘rtog‘ining intilishlarini doim ham qo‘llab-quvvatlamagan. Washington Post xabariga ko‘ra, 2004 yilda u hatto Jo Baydenning uni prezidentlik poygasiga qo‘shilishga undagan Demokratlar partiyasi faollari bilan uchrashuvida demarsh ham uyushtirgan.

Ammo aynan Jorj Bushning o‘sha saylovlardagi g‘alabasidan keyin Jill Bayden o‘z fikrini keskin o‘zgartirdi. Uni AQSHni Iroqdagi urushga giriftor qilgan odam yana prezidentlikka saylangani g‘azablantirdi. «Sen buni o‘zgartirishing kerak», — dedi u eriga.

Keyinroq Jill Bayden turmush o‘rtog‘iga saylov oldi kampaniyasida faol yordamlashdi, unga nutqlarinida yozishda ko‘maklashdi, o‘zi esa Mishel Obama bilan birga omma oldida chiqishlar qildi. 2020 yili u eri ishtirokidagi bir nechta mitinglarda qatnashdi va hatto nutq so‘zlashga xalaqit berishga uringan raqiblarga qarshi turdi.

Xayriya faoliyati
Jill Bayden saratonga qarshi kurash bo‘yicha fondlar, shuningdek, harbiy xizmatchilarning oilalariga yordam berish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar faoliyatida faol qatnashadi. Bu uning oilasi tarixi bilan ham bog‘liqdir. Baydenning katta o‘g‘li Bo karerasining bir qismini harbiy xizmatda o‘tkazgan bo‘lib, u 2015 yilda onkologik kasallikdan vafot etgan.

2010 yilda Jill Bayden turmush o‘rtoqlari Amerika armiyasida xizmat qiluvchi ayollar haqidagi «Armiya rafiqalari» serialining bitta seriyasida suratga tushdi.

«Armiya rafiqalari» serialidan kadr.
Foto: ABC Studios

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Sen buni o‘zgartirishing kerak». O‘qituvchi va birinchi xonim Jill Bayden o‘zi kim?