08:53 / 29.01.2021
2 901

«Hozir qudrat sizning qo‘lingizda, lekin bu abadiy emas» - Navalniy

«Hozir qudrat sizning qo‘lingizda, lekin bu abadiy emas» - Navalniy
Foto: Meduza
Moskva viloyat sudi 28 yanvar kuni «Novichok» guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganidan so‘ng Germaniyada davolanib qaytganida hibsga olingan Aleksey Navalniyning advokatlari tomonidan siyosatchining Moskvadagi «Matrosskaya Tishina» nomli tergov izolyatoridan ozod qilinishini talab qilgan apellyatsiya shikoyatini rad etdi.

Uchrashuv davomida Navalniy tergov izolyatoridan videoaloqa orqali nutq so‘zladi. Meduza Navalniy nutqining to‘liq stenogrammasini taqdim etdi.

«Hammasi shu qadar ajoyibki, men nimadan boshlashni ham bilmayman. Odatda bu qanday ishlaydi: Siz sud qarorini qabul qilasiz, u yerda qonun buzilishi holatlarini qidirasiz va bu to‘g‘risida apellyatsiya shikoyati vaqtida gapirasiz. Bu yerda esa bularning barchasi bitta katta qonun buzilishi, namoyishkorona qonun buzilishi.

Siz Ximkidan kelgan sud bayonnomasini o‘qidingizmi? Agar uni o‘qigan bo‘lsangiz, butun Moskva viloyat sudi ustidan juda baland ovozda kulishingiz kerak edi, chunki bu dunyodagi eng kulgili hujjat. Hujjat biror-bir huquqiy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishi tomonidan tuzib chiqilgan. Bularning barchasi shunchaki bo‘lishi mumkin emas.

Bilasizmi, hurmatli sudya va sud ishtirokchilari, uzoq vaqtdan beri sud tizimimiz bilan birgalikda men ushbu zinapoyadan, sud tizimi tanazzuli zinapoyasidan tushib kelmoqdaman. Men allaqachon ko‘p narsalarni ko‘rganman. Ko‘plab qonunlar menga taalluqli emasligiga allaqachon o‘rganib qolganman. Ammo ko‘rdingizmi, men uchun yangi istiqbollar ochildi, men kamerada, politsiya idorasida bo‘lganimda qandaydir odamlar meni oldimga kelib, «Endi sizni advokatlar bilan uchrashuvga olib boramiz», — deyishdi.

Ular meni yetaklab kameralar o‘rnatilgan, bir qancha tomoshabin o‘tirgan, Rossiya bayrog‘i ilingan itxonaga olib kirishdi va menga «Endi biz sizga hukm o‘qiymiz», — deyishdi. Nima? Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin? Mening hech narsani tushunmayotgan advokatim yaqinimda turibdi. Men ehtimol bu «Sovrin» dasturi yoki shunga o‘xshash boshqa narsamikan deb o‘yladim. Yana o‘yladimki, balki hozir orqadagi sahna g‘oyib bo‘lib, u yerdan odamlar kulib chiqadi, Putin chiqadi: «Xa-xa, Aleksey, biz siz bilan hazil qilishga qaror qilgandik, chunki siz bizning mamlakatda besh oy bo‘lmagansiz. Hammasi yaxshi, bizda hamma narsa qonun asosida bo‘ladi». Chunki politsiya bo‘limida sudni e’lonsiz o‘tkazish mumkin emas! Mumkin emas!

Hurmatli sudya, Ximki sudi tugadi va bir daqiqadan so‘ng ular Simonovskiy sudi (Moskva shahri) yuborgan meni 1-sonli qamoqxonaga o‘tkazish bo‘yicha qog‘ozlarni imzo chekish uchun olib kelishdi. Ya’ni Simonovskiy sudi Ximki sudida qaror qabul qilinganda men bu yerda bo‘lishimni allaqachon bilgan (Matrosskaya Tishinada). Mening samolyotim Vnukovodan Sheremetevoga uchayotganida men uchun «Matrosskaya Tishina»da kamera allaqachon tayyorlab qo‘yilganiga shubha qilmayman. Ular buni hatto yashirmaydi! Agar uyalishganda, ular buni qandaydir tarzda yashirishgan yoki Simonovskiy sudida yozilgan hujjatlarni birozdan keyin olib kelishgan bo‘lardi. Chunki hujjatlarni Ximkiga olib kelish va uni topshirish uchun vaqt kerak. Ular hatto uyalmadilar, bir daqiqada berishdi: «Imzo qo‘ying! 1-sonli qamoqxona». G‘aroyib.

Iltimos, ayting-chi, hurmatli sudya, aslida mening shartli jazomni haqiqiy jazoga almashtirish masalasini ko‘rib chiqayotganimiz sizni ozgina bo‘lsa ham bezovta qiladimi? Bo‘lishi mumkin emas. Ammo biz, shunga qaramay, buni mohiyatan ko‘rib chiqamiz, chunki bu yerda faqat hibsga olish mavzusi. Barcha jarayon bema’ni. Mening statusim bu yerda mana bunday – mana bitta Jazoni ijro etish federal xizmati (JIEFX) xodimi, mana JIEFXning ikkinchi xodimi va 1-sonli qamoqxonada hech kim mening statusimni tushunmaydi, chunki men hibsga olinganman. Tergov hibsxonasida ushlab turilgan shaxs kim? Bu juda g‘alati mavjudot.

Qanday qilib meni bir oyga hibsga olishingiz mumkin? Ular meni hattoki hibsga olishmadi, meni qamashdi. Nega men vaqtincha saqlash hibsxonasida emasman, nega qamoqxonadaman?

Sheremetevo aeroportida hibsga olinganim to‘g‘risida hujjatlar oq-qora rangda yozilgan edi: «Ehtiyot chorasi: yo‘q». Agar ehtiyot chorasi bo‘lmasa, nima uchun so‘nggi bir necha kun ichida men tez-tez quyidagi so‘zlarni eshitdim: «Iltimos, qo‘llaringizni orqangizga qiling». Agar ehtiyot chorasi bo‘lmasa, nega men bu yerda o‘tiribman? Bu shunchaki ajoyib.

Sud qarorida men 30 kunga hibsga olinishim mumkin bo‘lgan bir qator moddalar mavjud. Ushbu moddalarning hech biri menga tegishli emas. Ularning menga aloqador joyi yo‘q. Agar hozir Jinoyat protsessual kodeksini, Jinoyat kodeksini olsangiz, ular menga hech qanday aloqasi bo‘lmagan moddalardagi ayblarni qo‘yishganini ko‘rasiz. Shunchaki Ximki sudi quyidagicha qaror qilgan: «Xo‘sh, bu nima ekan ... Men bilmayman, shunchaki raqamlarni yozib qo‘yaveraylik: 234, 328, 344». Ular shunchaki menga hech qanday aloqasi bo‘lmagan xohlagan uchta moddani yozib qo‘yishgan.

Advokat (Olga) Mixaylova juda to‘g‘ri aytdi, sud yo‘q joydan bo‘lishi mumkin emas. To‘g‘rimi? Men va mening himoyachilarim apellyatsiya shikoyati berishgani uchun ushbu sud hozir bo‘lib o‘tmoqda, sud majlisi tayinlandi va biz bu yerda siz bilan o‘tiribmiz.

Ximki sudida bu qanday sodir bo‘ldi? Men sudyadan so‘radim: «Uchrashuvni kim tayinlagan?» Javob yo‘q. «Uchrashuvni kim qoldirdi?» Javob yo‘q. Shunchaki bunday bo‘lishi mumkin emas. Shunchaki, keyin Ximki sudi... U (sudya) mantiyasini kiyib, bolg‘asini olib, xuddi Moskva metrosi yoki Ximki bo‘ylab yurgandek dedi: «Hibsga olinsin! Hibsga olinsin!».

Nima uchun bunday bo‘layotganiga javobim bor. Chunki bu vazifa shunchaki qonunbuzarlik emas (Rossiyada qonunbuzarlik odatiy hol), bu meni hamda boshqalarni qo‘rqitish uchun namoyishkorona qonunbuzarlikdir. Bu namoyishkorona qonunbuzarlik, buni sudyalar ham qilmaydi, chunki bu yerdagi sudyalar shunchaki itoatkor qullardir. Mamlakatimizni talon-toroj qilganlar esa 20 yildan beri talon-taroj qilishmoqda. Va ular menga o‘xshagan har kimni og‘zini yopmoqchi.

Ular o‘zlarini shunchaki quyidagicha namoyish qilmoqda: «Biz buni qila olamiz! Samolyotni boshqa joyga qo‘ndirdikmi? Qo‘ndirdik! Boshqa yo‘lovchilarga ahamiyat ham bermadik. Sheremetevoni o‘rab oldikmi? O‘rab oldik. Nima deb o‘ylaysiz, biz sizni politsiya idorasida sudlay olmaymizmi? Biz sizni politsiya idorasida sud qila olamiz». Hammani qo‘rqitish, barchaga yana bir bor aytish uchun namoyishkorona: «Biz bu mamlakatning egasimiz», deyishmoqda.

Shunday qilib, men o‘z nutqimni, ushbu murojaat bo‘yicha o‘z fikrlarimni, o‘zim ishongan narsalarim bilan tugatmoqchiman, ishonchim komil va shuni aytamanki: ular mamlakatimizning xo‘jayini emas va hech qachon bo‘lmaydi. Va juda ko‘p odamlar, o‘n millionlab odamlar mening fikrimga qo‘shiladi. Va biz hech qachon bu odamlarning mamlakatimizni egallab olishiga va o‘g‘irlashlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Ha, qudrat hozir siz tomonda. Va endi siz mening yonimga 1-2 odamlarni qo‘yish imkoniyatiga egasiz (yonida turgan JIEFX xodimlarini ko‘rsatib). Va menga kishan sola olasiz. Ammo bu abadiy davom etmaydi. Katta rahmat. Men shikoyatni qo‘llab-quvvatlayman. Men ozod qilinishimni talab qilaman.

Mening iltimosim ... Hurmatli sudya, mening iltimosim siz uchun tushunarlimi? Yaxshi. Mening iltimosim shundan iboratki, apellyatsiya shikoyati argumentlarini qo‘llab-quvvatlayman, Ximki sudining qarorini mutlaqo noqonuniy deb topaman va Ximki sudining qarorini bekor qilib, meni zudlik bilan ozod qilishingizni talab qilaman», – dedi Navalniy.

Aleksey Navalniy 2020 yil avgustdan beri Germaniyada edi. U Tomsk—Moskva samolyotida o‘zini yomon his qilgani sababli davolanish uchun olib ketilgan. Tahlillar natijasiga ko‘ra, Navalniy «Novichok» guruhidagi modda bilan zaharlangani ma’lum bo‘ldi. Dekabr oyida Bellingcat va The Insider siyosatchini Federal xavfsizlik xizmatining sakkiz nafar xodimidan iborat maxsus guruh zaharlagani ta’kidlangan tekshiruv natijalarini e’lon qildi.

14 yanvar kuni Jazolarni ijro etish federal xizmati siyosatchi 29 dekabr kuni departament tashabbusi bilan qidiruvga berilganini xabar qildi. Xizmat uni «Iv Roshe» ishi bo‘yicha rejimni buzgan, unga muvofiq Navalniy oyda ikki marta Jazolarni ijro etish federal xizmati organlariga borib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘lgan. Davolanishdan keyingi reabilitatsiya, xizmatning fikricha, ro‘yxatga olishga kelmaslik uchun asos bo‘lolmaydi.

Navalniy 17 yanvar kuni kechqurun Berlindan Moskvaga qaytib keldi. Sheremetevo aeroportida siyosatchi «Iv Roshe» ishi doirasida hibsga olindi va Ximki shahridagi politsiya bo‘limiga olib ketildi. Ximki shahar sudi Aleksey Navalniyni 15 fevralga qadar qamoqqa olish bo‘yicha hukm chiqardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Hozir qudrat sizning qo‘lingizda, lekin bu abadiy emas» - Navalniy