14:14 / 03.04.2021
3 223

Rossiyaning yangi suvosti kemasi Buyuk Britaniyaga yaxshigina boshog‘riq bo‘lishi mumkin

Rossiyaning yangi suvosti kemasi Buyuk Britaniyaga yaxshigina boshog‘riq bo‘lishi mumkin
«Kashalot» kemasi.
Foto: «Wikipedia»

Rossiya yaqin muddatda yangi suvosti kemasidan foydalana boshlaydi va ushbu xatarli kema sabab bir necha o‘n trillion funt sterlinglik moliyaviy operatsiyalar xavf ostida qolmoqda, deb yozadi Buyuk Britaniyaning «The Mirror» gazetasi.

Qayd etilishicha, «Kashalot» deb nomlangan suv osti kemalari dengiz ostiga – 3,2 km masofaga sho‘ng‘iydi. Ingliz harbiy-dengiz razvedkasi ushbu kema suv ostidagi kommunikatsiya kabellariga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Gap shundaki, suv ostidagi 400 ga yaqin kommunikatsiya tarmoqlari orqali kuniga 8 trillion funt sterlinglik moliyaviy tranzaksiyalar amalga oshiriladi. Umuman, suvosti kommunikatsiya tarmoqlari dunyo iqtisodiyotda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, veb ma’lumotlarning 90 foizi ummonlar ostidan o‘tgan kabellar orqali uzatiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya suvosti kemalarining yangi avlodi kelgusi oydan sinovdan uchun dengizga yo‘llanadi. Britaniya harbiy-dengiz kuchlari Rossiya suvosti kemasiga qarshi tura oladigan razvedka kemasini yaratishga urinmoqda. Ammo bu boradagi tadqiqotlar 2024 yilda yakuniy natija berishi kutilmoqda.

«G‘arb moliya tuzilmalarining qon tomiri sanalgan suvosti kabellariga hujum iqtisodiyotga hamda hukumat faoliyatiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab Qirollik harbiy-dengiz kuchlari, shuningdek, harbiy-dengiz razvedkasining bosh maqsadi bu kabi tahdidlarga qarshi munosib himoya tizimini joriy etish bo‘lmog‘i kerak», – deb yozadi «The Mirror».

Farazlarga ko‘ra, kommunikatsiya kabellari bilan birga energiya quvulari ham hujumga uchrashi mumkin. Bu esa nafaqat iqtisodiyot, balki ekologiyaga ham ulkan zarar keltiradi.

Ingliz matbuoti agar urush ro‘y bergudek bo‘lsa, Rossiyaning yangi suvosti kemasi Britaniyaning har biri 3,5 milliard funt sterling turadigan yangi avianosetslariga (samolyotlarning uchishi va qo‘nishiga mo‘ljallangan harbiy kema) ham zarba berishi ehtimolini bayon etgan.

«The Mirror» gazetasiga ko‘ra, «Kashalot» Moskvaning maxfiy dengiz loyihasi bo‘lib, u dengiz tubida operatsiyalar amalga oshirishda qo‘llanadi. Suvosti kemalari yadro torpedolarini otish qudratiga ham ega.

2019 yilda ingliz matbuoti Rossiyaning «Losharik» suvosti kemasi haqida ham yozgan edi. Qayd etilishicha, mazkur suvosti kemasi Rossiyaning Arktikani energetika va mineral boyliklar bazasiga aylantirish rejasini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

«Daily Express» nashri joriy yil mart oyida Buyuk Britaniya tashqi razvedka xizmatining 100 ga yaqin xodimi Londondan Shotlandiyaga safarbar qilingani, ingliz maxsus xizmati Rossiya josuslari fitna hozirlayotganidan xavotirda ekani haqida yozdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyaning yangi suvosti kemasi Buyuk Britaniyaga yaxshigina boshog‘riq bo‘lishi mumkin