16:39 / 04.04.2021
2 238

Qamoqqa olingan shahzoda podshoh akasiga qarshi jiddiy ayblovlarni ilgari surdi

Qamoqqa olingan shahzoda podshoh akasiga qarshi jiddiy ayblovlarni ilgari surdi
Qirol Abdulloh II (chapda) va uning uy qamog‘idagi inisi shahzoda Hamza.
Foto: “AFP”

Iordaniya qiroli Abdulloh II ning ukasi, shahzoda Hamza bin Husayn uy qamog‘iga olindi. Bu haqda shahzodaning o‘zi BBC’ga advokati orqali yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.

Bir muddat valiahd maqomiga ega bo‘lgan, keyinroq undan mahrum etilgan shahzoda Hamza bin Husayn o‘z videomurojaatida mamlakat rahbariyatini korrupsiya va mas’uliyatsizlikda ayblagan. O‘zining uy qamog‘iga olinishini esa fikr erkinligiga qarshi kurash o‘laroq baholagan.

«Huzurimga Iordaniya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i kelib, ko‘chaga chiqishim, odamlar bilan muloqot qilishim yoki uchrashishim taqiqlanganini ma’lum qildi. Men ishtirok etgan tadbirlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda hukumat va qirol faoliyatiga doir tanqidlar yangragan emish», – deydi Hamza bin Husayn.

Sobiq valiahdga ko‘ra, uy qamog‘ida internet va telefondan foydalanish man etilgan. Shahzoda va uning oilasi poytaxt Ammandan tashqaridagi «Salom» saroyida hibsda tutilmoqda.

Hamza bin Husayn qonunga zid biror xatti-harakat qilmaganini ma’lum qilgan.

«Mamlakatimizda so‘nggi 15-20 yil davomida avj olgan korrupsiya, uquvsizlik va boshqaruv inqirozida mening zarracha aybim yo‘q. Fuqarolarning boshqaruv idoralariga ishonchi so‘ngani uchun ham men aybdor emasman», – degan sobiq valiahd BBC’ga yo‘llagan videomurojaatida.

«The Washington Post» gazetasi Iordaniyada 4 aprelga o‘tar kechasi davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergani, uni amalga oshirishda gumonlanyotgan 20 ga yaqin yuqori martabali amaldor va harbiy zobit hibsga olingani, ular orasida qirol oilasi vakili Hasan bin Zayd va mamlakatning sobiq moliya vaziri Bassam Ibrohim Avadalloh borligi haqida xabar berdi. Gazetaga ko‘ra, ular qirol Abdulloh II ni taxtdan ag‘darmoqchi bo‘lgan.

3 aprel kuni Iordaniyaning «Petra» axborot agentligi ushbu xabarni qisman tasdiqlab, hibslar xavfsizlik maqsadida amalga oshirilganini bildirdi.

«Qirol oilasida ziddiyat nazoratdan chiqqanga o‘xshaydi. SOVID pandemiyasiga qadar ham mamlakat iqtisodiyotida muammolar bo‘y ko‘rsatayotgan edi, hozirgi tanglik esa ijtimoiy norozilikni kuchaytirmoqda. Marhum qirol Husaynning o‘g‘li o‘z hukumatini korrupsiya, qarindosh-urug‘chilik va uquvsizlikda ayblamoqda. Darvoqe, ushbu videomurojaat Dubayda uy hibsida tutib turilgan malika Latifaning murojaatini yodga soladi», – deya holatni izohlaydi BBC’ning maxsus muxbiri Frenk Gardner.

Iordaniya – AQSHning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchilaridan biri. So‘nggi voqealar ortidan AQSH, shuningdek, Saudiya Arabistoni va Misr qirol Abdulloh II ni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirganlar.

Iordaniyani 1999 yildan beri qirol Abdulloh II bin Husayn idora etib kelmoqda. Kuzatuvchilarga ko‘ra, uning boshqaruvi davrida iqtisodiy yuksalish ro‘y bergan, ammo 2008 yildan jahon neft bozoridagi tanglik sabab mamlakat iqtisodiyoti ortga keta boshlagan. Ayni choqda, 59 yoshli qirol Abdulloh II ichki barqarorlikni saqlab kelayotgani alohida e’tirof etiladi.

Hozirda uy qamog‘ida bo‘lgan 41 yoshli Hamza bin Husayn qirol Abdulloh II ning o‘gay ukasi sanaladi. Shahzoda Hamza bir necha yil davomida valiahd shahzoda maqomiga ega bo‘lgan. 2004 yilda esa qirol ukasini bu maqomdan mahrum etgan va to‘ng‘ich o‘g‘li Husaynni yangi valiahd deya e’lon qilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qamoqqa olingan shahzoda podshoh akasiga qarshi jiddiy ayblovlarni ilgari surdi