07:00 / 25.04.2021
3 059

Aleksey Navalniy ochlikni nima sababli to‘xtatganini aytdi


Foto: «TASS»
Aleksey Navalniy norozilik sifatida e’lon qilgan ochligini to‘xtatdi. U ushbu qarorini Instagram’dagi sahifasida fuqarolik tibbiyot xodimlari tekshiruvidan o‘tgani va davolovchi shifokorlar ochlikni bekor qilishni tavsiya etgani haqida post qoldirgan.

«Meni ikki marta fuqarolik tibbiyoti xodimlari konsilium qilib tekshiruvdan o‘tkazdi. Oxirgi marta mitinglar oldidan ko‘rikdan o‘tdim. Meni tekshirishadi va tahlillar javobi hamda yakuniy tibbiyot xulosasini berishadi», — deyiladi xabarda.
Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, u ishongan shifokorlar uni ochlikni to‘xtatishga ishontira olgan.

«Ularning so‘zlariga ko‘ra, tahlillar natijasi bo‘yicha agar men ochlikni davom ettirsam, qisqa vaqtdan keyin shifokorlar davolaydigan odamning o‘zi bo‘lmasligi mumkin. Menimcha, o‘zimga yetarli darajada e’tibor qarata oldim», — deya qo‘shimcha qilgan Navalniy.

Shuningdek, Navalniy o‘zidan keyin ochlik e’lon qilgan odamlar, xususan, «Beslan onalari» vakillari haqida xabar topgani uchun ham shunday qarorga kelganini tushuntirdi.

Navalniy qo‘l va oyog‘ining ayrim qismlarida sezuvchanlik qobiliyati yo‘qolganining sababini bilish uchun bu borada malakaga ega shifokorni o‘z yoniga kiritishlariga hali ham qarshilik borligini ma’lum qilgan.
«Holatim yaxshilanganini inobatga olib, ochlikni bekor qilishni boshlayman», — degan u.

Navalniy 31 martda ochlik e’lon qilgandi. U mazkur qarorini sog‘lig‘i yomonlashganiga qaramay yoniga fuqarolik tibbiyoti tizimidagi shifokorlar kiritilmayotganiga norozilik deya izohlagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot xizmati Navalniyning ochlik e’lon qilishiga izoh berishdan bosh tortgan.

21 aprelda Rossiyada «Navalniyga ozodlik» nomli norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Siyosatchining tarafdorlari Navalniyning shifokorlari uning sog‘lig‘i yomonlashganini xabar qilganidan keyin mamlakatdagi odamlarni ko‘chalarga chiqib, norozilik namoyishlarini o‘tkazishga chorladi. Shifokorlarning ma’lumotidan keyin Rossiya prokuraturasi Navalniyga aloqador tashkilotlarni ekstremistik guruhlar ro‘yxatiga kiritishni talab qilgan.

«OVD-Info» bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning 99 ta shahrida o‘tkazilgan norozilik namoyishlaridan keyin 1900 nafardan ziyod odam hibsga olingan. Avval Butun Rossiya bo‘ylab Navalniyni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan aksiyalarda 1700 ga yaqin odam hibsga olingani xabar qilingandi. Eng ko‘p, ya’ni 825 nafar kishi Sankt-Peterburgda huquq-tartibot idoralarining xodimlari tomonidan ushlangan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Aleksey Navalniy ochlikni nima sababli to‘xtatganini aytdi