18:30 / 14.05.2021
3 223

Isroildan G‘azoga eng yirik hujum: 40 daqiqada samolyotlar 150 ta nishonni o‘qqa tutdi (video)


Foto: News Club
Isroil mudofaa kuchlari 14 mayga o‘tar kechasi G‘azo sektorini mojaro avj olganidan buyon eng katta ko‘lamda o‘qqa tutdi. Bu haqda Times of Israel harbiylar vakillariga asoslanib xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, G‘azo shimolidagi 150 ta nishonga taxminan 40 daqiqa ichida 160 ta samolyotdan 450 ta raketa otilgan. Raketa hujumi bilan birga chegara orqali artilleriya va tanklar tomonidan o‘t ochilgan.

Kechaning boshida Isroil armiyasi o‘z Twitter’ida «havo va quruqlik kuchlari G‘azoda hujum uyushtirmoqda» deb yozdi. Tvit asosida ko‘plab ommaviy axborot vositalari G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiya boshlangani haqida xulosa qildi.

Keyinchalik, Isroil armiyasi quruqlikdagi qo‘shinlar sektor chegarasini kesib o‘tmagani va Isroil hududidan turib zarba berish bilan chegaralanganini aytdi. «TASS» xabariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlarining rasmiy vakili «xatolik» uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Isroil harbiylarining ta’kidlashicha, hujumning asosiy nishoni HAMAS jangarilarining harakatlanish va boshpana uchun foydalanadigan tunnellar tarmog‘idir.  HAMAS’ga yetkazilgan zarar ko‘lami hali aniqlanmoqda.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi veb-saytida xabar qilinishicha, Isroilning G‘azo sektoriga havo hujumlari va o‘t ochishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 119 kishiga yetgan, 800 kishi jarohat olgan. Qurbonlarning 31 nafari bolalar, 19 nafari ayollar.

Isroilda halok bo‘lganlar soni 13 may holatiga ko‘ra, yetti kishini tashkil qilgan.
Isroil mudofaa kuchlari xabariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi jangarilar, o‘z navbatida, tunda Isroil hududiga raketa hujumlarini davom ettirgan. Kecha davomida G‘azodan 220 ta raketa otilgan, ularning aksariyati «Temir gumbaz» tizimi tomonidan tutib qolingan, ammo bir nechtasi nishonga tegib, bir kishi jiddiy jarohat olgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroildan G‘azoga eng yirik hujum: 40 daqiqada samolyotlar 150 ta nishonni o‘qqa tutdi (video)