20:39 / 15.07.2021
4 287

OAV: «Tolibon» Afg‘onistondagi egallab olgan hududlarida o‘z qoidalarini joriy qildi


Foto: Reuters
Afg‘oniston shimolidagi chekka hududlarni egallab olgandan so‘ng «Tolibon» qat’iy qoidalarga qaytishni talab qiluvchi yozma buyruqlar chiqardi. Bu haqda nazorat ostidagi hududlar aholisining so‘zlariga asoslanib, The Hindu nashri xabar berdi.

Afg‘onistonliklarning so‘zlariga ko‘ra, endi erkaklar soqolini oldirmaydi, yoshlarga davlat bayrog‘ida aks etgan qizil va yashil rangdagi liboslarni kiyish taqiqlandi, ayollar o‘z uylaridan hamrohsiz chiqib ketishi mumkin emas.

«Ayollar va yosh qizlarning ko‘pchiligi kashtachilik, kiyim-kechak va poyabzal tikish bilan shug‘ullanardi. Endi ‘Tolibon’ning buyrug‘i bizni qo‘rqitib qo‘ydi»— deydi chegaradagi Sherxon Bandar posyolkasining mahalliy fabrikada ishlovchi aholisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» nazorati ostidagi hududlarda ayollar hech qachon ishlay olmaydi, shuning uchun ko‘pchilik uylarini tashlab, mamlakat janubiga qochib ketgan.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» chekishni ham taqiqlagan va har qanday qoidalarni buzganlarga qarshi «jiddiy chora ko‘rilishi» haqida ogohlantirgan.

The Hindu nashrining xabariga ko‘ra, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki «Tolibon» Madaniyat komissiyasidan chiqqan bayonotlar paydo bo‘ldi. Ular barcha imom va mullalardan «‘Tolibon’ jangchilarining uylanishi uchun 15 yoshdan oshgan qizlar va 45 yoshgacha bo‘lgan beva ayollarning ro‘yxatini taqdim etishni» talab qilmoqda.

«Tolibon»ning o‘zi bunday postlarga aloqadorligini rad etmoqda va ularni targ‘ibot deb hisoblaydi. «Bular asossiz da’volar», — dedi harakat vakili Zabihulla Mujohid. «Bular soxta hujjatlardan foydalanib, tarqatilgan mish-mishlar».
«Tolibon»ning ta’kidlashicha, ular inson huquqlarini, ayniqsa, ayollar huquqlarini himoya qiladi, ammo faqat «islomiy qadriyatlarga» muvofiq ravishda.

Biroq egallab olingan hududlarda yashovchi afg‘onlar «Tolibon»ga qiz va ayollarni xotin sifatida berish haqidagi mish-mishlar haqiqat ekanini ta’kidlamoqda. «Tolibon» harakati 1996 yildan 2001 yilgacha Afg‘onistonni boshqargan.

The Hindu nashrining qayd etishicha, o‘sha paytda ayollarga erkak qarindoshlari kuzatuvisiz uydan chiqmaslik buyurilgan, qizlarning maktabga borishi taqiqlangan va zino kabi jinoyatda aybdor bo‘lganlar toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan.

Erkaklar nisbatan ko‘proq erkinlikka ega bo‘lgan, ammo ularga soqolni olmaslik buyurilgan, namozga kelmaganlar kaltaklangan, shuningdek, ularga faqat an’anaviy kiyimlarni kiyish buyurilgan.

Afg‘oniston o‘ta konservativ mamlakat, u yerdagi ayrim qishloq joylari «Tolibon» nazorati ostida bo‘lmasa ham, shunga o‘xshash qoidalarga rioya qiladi, ammo harakat ushbu farmonlarni mamlakatning zamonaviyroq markazlarida ham qabul qildirishga urinib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » OAV: «Tolibon» Afg‘onistondagi egallab olgan hududlarida o‘z qoidalarini joriy qildi