13:10 / 15.08.2021
2 006

«Tolibon» Kobulga hujumdan avval so‘nggi yirik shaharni jangsiz egalladi

«Tolibon» Kobulga hujumdan avval so‘nggi yirik shaharni jangsiz egalladi
Foto: Reuters
«Tolibon» guruhi Afg‘onistonning yirikligi bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadigan va Nangarhor viloyati markazi bo‘lgan Jalolobod shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Bu haqda Reuters afg‘onistonlik amaldorlarga tayanib xabar berdi.

«Jalolobodda janglar bo‘lmayapti, chunki gubernator ‘Tolibon’ga taslim bo‘ldi», — dedi agentlik hamsuhbati. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «tinch aholi hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li» bo‘lgan.

Reuters’ning yana bir manbasi ma’lum qilishicha, «Tolibon» hukumat amaldorlari va xavfsizlik kuchlari Jalolobodni tark etishi uchun xavfsiz yo‘lak tashkillashtirib berishni va’da qilgan. «Qurbonlar va vayronagarchiliklarga» yo‘l qo‘ymaslik uchun shaharni topshirishga qaror qilindi, dedi u.

Nangarhor viloyati deputati Abrorullo Murod Associated Press’ga ma’lum qilishicha, shaharni «Tolibon»ga topshirish qarorini oqsoqollar qabul qilgan.

«Tolibon» vakili Zabihulla Mujohid o‘z Twitter’ida harakat Nangarhor poytaxtini egallab olganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gubernator, politsiya boshlig‘i, razvedka markazi va uning barcha bo‘linmalari «Tolibon» nazorati ostiga o‘tgan. «Shuningdek, viloyatdagi barcha uskunalar, qurollar va jihozlar mujohidlar qo‘liga o‘tdi», — dedi u.

Jalolobod shahri Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegara yaqinida joylashgan. U Kobul bilan bir qatorda rasmiy hukumat nazorati ostida bo‘lib turgan so‘nggi yirik shaharlardan biri edi. Shaharning olinishi «Tolibon» uchun poytaxtga, taxminan, 150 kilometrlik to‘g‘ri yo‘l ochib beradi.

Avvalroq «Tolibon» terrorchilik harakati 14 avgust, shanba kuni Afg‘onistondagi to‘qqizta viloyat markazlari uning nazorati ostiga o‘tganini ma’lum qilgandi.

«Paktika, Paktiya, Faryob, Balx va Lag‘mon Islom amirligi («Tolibon» o‘zini shunday ataydi) qo‘l ostiga o‘tdi. Ularni egallash chog‘ida dushman tomondagi minglab askarlar, politsiya va boshqa qurolli kuchlar qurollarini tashlab, Islom amirligi mujohidlariga qo‘shildi», — deyiladi 14 avgust kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda.

Balx viloyati sobiq gubernatori, Islom jamiyati partiyasi (Jamiyati Islomiy, Afg‘onistonning, asosan, tojik va fors tilli aholisini birlashtiradi) yetakchilaridan biri Ato Muhammad Nur hududning fitna oqibatida egallab olinganini ma’lum qildi.

«Fitna oqibatida barcha hukumat ob’ektlari va kuchlari ‘Tolibon’ga topshirildi. Bu fitna ko‘lami keng va chuqur edi, ular marshal Abdulrashid va meni tuzoqqa tushirmoqchi edi», — deb yozdi u o‘z Facebook’ida va ularning janggi bu bilan yakunlanmasligini qo‘shib qo‘ydi.

Ta’kidlanishicha, endi Afg‘oniston hududining, taxminan, uchdan ikki qismi «Tolibon» tomonidan nazorat qilinmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Kobulga hujumdan avval so‘nggi yirik shaharni jangsiz egalladi