Chaqaloq nega kechasi yig‘laydi? Tungi emizish homiladorlikdan saqlaydimi?

Chaqaloq nega kechasi yig‘laydi? Tungi emizish homiladorlikdan saqlaydimi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Chaqaloqlarning tungi yig‘lashi ko‘pincha ochlik, ho‘l taglik, harorat yoki quchoqqa ehtiyoj kabi tabiiy sabablarga bog‘liq bo‘lib, bu yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning kun va tun tartibiga moslashmaganligidan dalolat beradi.
  • Tungi emizish organizmdagi prolaktin gormoni ko‘payishi orqali ovulyatsiyani vaqtincha bostirishi mumkin, ammo bu usul (LAM) samarali bo‘lishi uchun chaqaloq olti oylikdan kichik bo‘lishi, ona hayz ko‘rmagan bo‘lishi va bolani muntazam ko‘krak suti bilan o…

Chaqaloqning kechasi yig‘lashi ko‘plab ota-onalarni tashvishga soladi, biroq buning sababi har doim ham kasallik yoki bezovtalik bo‘lavermaydi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hali kun va tun tartibiga to‘liq moslashmagan bo‘ladi, shu sababli ular tunda tez-tez uyg‘onishi mumkin. Ochlik, ho‘l taglik, issiq yoki sovuq, charchoq, quchoqqa ehtiyoj va ortiqcha ta’sirlanish chaqaloq yig‘lashining eng ko‘p uchraydigan sabablaridandir.

Ayniqsa hayotining dastlabki oylarida chaqaloqning kechasi bir necha marta emishni xohlashi tabiiy holat hisoblanadi. Shu sababli tungi yig‘i ko‘pincha bolaning och qolganidan yoki emishga ehtiyoj sezayotganidan darak berishi mumkin. Biroq bu holat onalar orasida yana bir savolni tug‘diradi: bolani kechasi tez-tez emizish homiladorlikdan saqlaydimi?

Emizish vaqtida organizmda prolaktin gormoni ko‘payadi va bu tuxumdonlarda ovulyatsiyaning qayta boshlanishini vaqtincha bostirishi mumkin. Ayniqsa chaqaloq kunu tun muntazam ravishda ko‘krak suti bilan oziqlansa, hayz siklining qaytishi kechikishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shu asosda tibbiyotda laktatsion amenoreya usuli, ya’ni LAM deb ataladigan vaqtinchalik kontratsepsiya usuli mavjud.

Ammo “bolani ko‘p emizsam, homilador bo‘lmayman” degan qarashni har qanday holatda ham to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. LAM samarali bo‘lishi uchun uchta muhim shart bir vaqtda bajarilishi kerak: hayz hali qaytmagan bo‘lishi, chaqaloq olti oylikdan kichik bo‘lishi va u to‘liq yoki deyarli to‘liq ko‘krak suti bilan oziqlanishi lozim. Bunda emizish kun davomida ham, tunda ham muntazam davom etishi muhim. Ushbu shartlarning barchasi bajarilganda, homiladorlik xavfi juda past bo‘lib, CDC ma’lumotlariga ko‘ra 2 foizdan kam bo‘lishi mumkin.

Ammo chaqaloq olti oylikdan oshsa, hayz qaytsa yoki emizish oralig‘i sezilarli darajada uzayib ketsa, LAMga homiladorlikdan himoyalanishning yagona vositasi sifatida tayanib bo‘lmaydi.

Eng muhim jihatlardan biri shundaki, ovulyatsiya birinchi hayz kelishidan oldin ham sodir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun “hayzim hali kelmadi, demak homilador bo‘lmayman” degan xulosa noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Tungi emizish ovulyatsiyaning kechikishiga yordam berishi mumkin, ammo uning o‘zi homiladorlikdan mutlaq himoya bermaydi.

Agar ayol homiladorlikni hozircha rejalashtirmayotgan bo‘lsa, emizish davrida o‘ziga mos qo‘shimcha kontratsepsiya usulini shifokor bilan tanlagani ma’qul. Demak, chaqaloqning tungi yig‘isi tabiiy ehtiyoj bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, tungi emizish esa ona organizmidagi gormonal jarayonlarga ta’sir qilsa-da, uni homiladorlikdan to‘liq himoya qiluvchi vosita deb hisoblash mumkin emas.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar