Qarshida klinikaga oyog‘idagi og‘riqdan shikoyat qilib borgan erkak vafot etdi

Qarshida oyog‘idagi og‘riqdan shikoyat qilib, xususiy klinikaga murojaat qilgan erkak vafot etdi. 2025 yil aprel oyida sodir bo‘lgan ushbu holat yuzasidan sud hukmi o‘qilib, ikki nafar shifokorga jazo tayinlandi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, erkakka xususiy klinika rahbari tomonidan muolajalar va dori vositalari tavsiya qilingan. Shundan so‘ng bemorda dori vositasining nojo‘ya ta’siri oqibatida og‘ir allergik reaksiya — anafilaktik shok yuzaga kelgan.
Bemorning ahvoli keskin yomonlashgach, tez yordam chaqirilgan. Biroq tez yordam shifokori uning holatini to‘g‘ri baholamay, boshqa tashxis qo‘ygan hamda bemorni reanimatsiya bo‘limi mavjud tibbiyot muassasasiga olib borish choralarini ko‘rmagan.
Shundan keyin erkakning ahvoli yanada og‘irlashib, u xususiy klinikada vafot etgan.
Sud ushbu holat yuzasidan tez yordam shifokori va xususiy klinika rahbarini Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tez yordam shifokoriga 4 yil, xususiy klinika rahbariga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, har ikki shifokor 2 yil muddatga tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilgan.






























Izohlar 0
…