16:33 / 17.08.2021
2 355

Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etish qarori haqida deyarli hech kimga aytmagan

Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etish qarori haqida deyarli hech kimga aytmagan
Foto: Reuters
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tor doiradagi ishonchli odamlari bilan birga tark etib, bu haqda mamlakatning boshqa siyosiy yetakchilarini ogohlantirmagan, deb xabar bermoqda Associated Press.

«G‘ani prezident saroyini o‘zining tor doiradagi ishonchli odamlari bilan tark etdi va hatto o‘sha paytda hokimiyatni ‘Tolibon’ga tinch yo‘l bilan topshirish borasida muzokaralar olib borayotgan boshqa siyosiy yetakchilarni o‘zining ketish niyatidan xabardor qilmagan», — deya ma’lum qildi agentlik.

G‘ani aynan qayerga uchib ketgani hozircha noma’lum. Ijtimoiy tarmoqlarda u afg‘onlar hayotini saqlab qolish uchun ketganini yozgan, ammo qayerda ekanini aytmagan. «Agar qolganimda, cheksiz sondagi hamyurtlarim halok bo‘lgan, Kobul esa vayron bo‘lish xavfiga duch kelgan bo‘lardi, bu esa uning olti millionlik aholisining halokatiga olib kelardi», — deb yozdi u.

Afg‘oniston hukumati sobiq maslahatchisi Torek Farhodiy agentlikka ma’lum qilishicha, G‘ani o‘z rahbarligini tajovuzkor tarzda olib borgan va o‘z nuqtai nazaridan farq qiluvchi fikrlarni tinglamagan. «U juda kichik doiradagi odamlar bilan ishlardi, ular doim ‘xo‘p’ deb turardi, ulardan olgan mamlakat haqidagi yangiliklarni filtrlardi», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘ani Qurolli Kuchlarda va hukumatda tajribali odamlarning barchasini ishdan bo‘shatib, ularning o‘rniga o‘ziga sodiq yosh xodimlarni tayinlagan.

Ashraf G‘anining karerasi
G‘ani 72 yoshda, karerasining eng katta qismini u chet elda, Amerika universitetlari akademik muhitida qurgan, bir necha yil Jahon bankida ishlab, 2002 yilda Afg‘onistonga qaytib kelgan. Ikki yil moliya vaziri bo‘lib ishlagan. 2006 yilda Kofi Annanning muddati tugagach, BMT bosh kotibi lavozimiga uning nomzodi ilgari surilgan, ammo u Pan Gi Munga mag‘lub bo‘lgan.

2009 yilda u birinchi marta prezident saylovlarida qatnashgan va saylovchilar ovozlarining 3 foizini qo‘lga kiritgan. 2014 yildagi saylovlar natijalari bo‘yicha u o‘zini prezident deb e’lon qilgan, uning bosh raqibi Abdulla Abdulla esa o‘zini prezident sifatida e’lon qilgan. AQSH G‘ani va Abdullaga murosa taklif qildi, davlat rahbari lavozimi oxir-oqibat G‘aniga tegdi, Abdulla uchun esa hukumatda yangi lavozim tashkil qilindi. 2019 yilgi saylovlarda vaziyat takrorlandi, yakunda G‘ani prezidentlikni saqlab qoldi, Abdulla Abdulla esa Milliy yarashuv oliy kengashi raisiga aylandi va «Tolibon» bilan muzokaralar uchun mas’ul bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgust kuni «Tolibon» butun Afg‘oniston uning nazorati ostiga o‘tganini ma’lum qilgach, mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan uchib ketgani xabar berildi. TOLOnews afg‘on telekanalining xabar berishicha, prezidentning yaqin yordamchilari u bilan birga.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etish qarori haqida deyarli hech kimga aytmagan