12:39 / 24.08.2021
4 425

Ahmad-Shoh Mas’udning o‘g‘li «Tolibon»ga qarshi kurash kuchlarini tuzdi

Ahmad-Shoh Mas’udning o‘g‘li «Tolibon»ga qarshi kurash kuchlarini tuzdi
Panjsher vodiysidagi Ahmad Mas’ud guruhining vakillari, 2021 yil 21 avgust
Foto: Sahel Arman / AFP / Scanpix / LETA

Toliblar Panjsher vodiysiga hujum qildi — bu ular Afg‘onistonda egallab olmagan yagona hudud. Vodiyda «Tolibon»ga raqib sifatida Milliy qarshilik fronti tuzildi. Mazkur tuzilmaning vakili Ali Nazariy «Tolibon»ning 23 avgust kuni Panjsherga hujum qilishga uringani, ammo mag‘lub bo‘lib, ortga chekinganini ma’lum qilgan.

Bir kun avval, 22 avgustda «Tolibon» ushbu muxolif guruhga qurollarni tashlash va taslim bo‘lish uchun to‘rt soat vaqt bergan, aks holda ularni og‘ir jazolashi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Meduza’ning materialida «Tolibon» va Milliy qarshilik fronti to‘qnashuvlarining yakuni nima bilan tugashi mumkinligi taxmin qilingan.

Panjsher vodiysi avval ham qarama-qarshilik markaziga aylangan. U yerda taniqli afg‘on qo‘mondoni Ahmad-Shoh Mas’ud jang qilgan. Vodiy Kobuldan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan. Panjsher Afg‘oniston shimolini janub bilan bog‘lab turuvchi yo‘llar o‘tgan muhim strategik hudud hisoblanadi. 1980–1990 yillarda dastlab Sovet Ittifoqi qo‘shinlariga, keyinchalik toliblarga munosib qarshilik ko‘rsatgan eng asosiy hududlardan biri bo‘lgan. Ahmad-Shoh Mas’ud AQSHda 11 sentabr teraktlari sodir bo‘lishidan ma’lum vaqt avval «Tolibon» hamda «Al-Qoida» tomonidan o‘ldirilgan.

«Tolibon»ga qarshi turuvchi yangi guruhga Ahmad-Shoh Mas’udning o‘g‘li, Buyuk Britaniyada ta’lim olgan 32 yoshli Ahmad Mas’ud rahbarlik qilmoqda. U otasining g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Afg‘onistondek ko‘p millatli mamlakatda markazlashmagan siyosiy tizim zarur deb hisoblaydi. Ahmad Mas’ud toliblarni markazlashmagan hukumat tuzishga va unga mamlakatdagi barcha kuchlarning vakillarini kiritishga chaqirgan. U «Tolibon» ushbu taklifni rad etadigan bo‘lsa, o‘zi rahbarlik qilayotgan guruhlar bilan birgalikda toliblarga qarshi qurol ko‘tarishga tayyorligini bildirgan.

Ahmad Mas’ud G‘arbdan o‘z guruhlariga ko‘mak berishni so‘rab The Washington Post gazetasida maqola chop ettirgan. «Millionlab afg‘onlar siz bilan o‘z qadriyatlarini bo‘lishishini bilasiz. Biz uzoq vaqt davomida qizlar shifokor bo‘la oladigan, matbuot erkin faoliyat olib boradigan, yoshlar raqsga tushib, musiqa tinglaydigan, stadionlarda futbol uchrashuvlarini tomosha qiladigan ochiq jamiyat uchun kurashdik. Toliblar bir vaqtlar o‘sha stadionlardan qatlni amalga oshirish joyi sifatida foydalanishgan va bu yana takrorlanishi mumkin», — deya yozgan u o‘z maqolasida.

Shuningdek, Mas’ud AQSH hamda uning ittifoqchilari jang maydonini tark etgan bo‘lishi mumkinligi, lekin Amerika bir vaqtlar Franklin Ruzvelt aytganidek, yana «demokratiya uchun qurol-yarog‘» bo‘la olishini qayd etgan.

Panjsherda o‘zini yangi davlat rahbari deb e’lon qilgan Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrillo Solih yashirinib olgan. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani BAAda ekanligini e’lon qilgach, Solih mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq vitse-prezidentga davlat rahbari vazifasini bajarish yuklanishini eslatgan. U Afg‘oniston hududida qolayotganini aytgan va afg‘onlarni toliblarga qarshi kurash olib borishga da’vat etgan.

Solihning Panjsher vodiysida ekanligini Milliy front vakili Ali Nazariy ham tasdiqlagan. Biroq u vitse-prezidentning toliblarga qarshi turgan guruhlarga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan: «Janob Solih ‘Tolibon’ va Pokistonga qarshi chiqadi. Biroq bu u toliblarga qarshi turuvchi harakatning bir qismi emasligini anglatadi. U Panjsherda va Amrillo Solihni hurmat qilishadi», – degan Nazariy. Ammo matbuotda Solih hamda Mas’udning o‘zaro ittifoqchi ekanligi haqida gap-so‘zlar tarqalgan, sabab — vitse-prezident bir vaqtlar Ahmad-Shoh Mas’ud rahbarligidagi guruh tarkibida «Tolibon»ga qarshi jang qilgan.

Qarshilik harakati vakillarining «Tolibon» bilan munosib kurashish yoki aksincha kurasha olmasligi noma’lum. Mas’ud guruhlari Afg‘oniston ichida toliblarga qarshi kurashga tayyor va ular bilan raqobatlasha oladigan yagona kuch bo‘lib qolmoqda. Milliy qarshilik fronti Panjsherda Afg‘oniston hukumat qo‘shini va fuqarolar urushga tayyorligi hamda umumiy qo‘shin soni o‘n ming nafarga yetganligini ta’kidlagan. Biroq ekspertlar Mas’udning «Tolibon» uchun jiddiy muammo bo‘lishi mumkinligiga shubha bilan qaramoqda, chunki 32 yoshli qo‘mondonning Afg‘oniston ichida ittifoqchilari kam, boshqa xorij davlatlari esa uning harakatini rivojlantirish va Milliy frontga ko‘mak berishga shoshilayotgani yo‘q.

Kreml Afg‘onistondagi qarama-qarshiliklarga aralashmasligini bildirgan. «Bugun bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik kelishuviga a’zo davlatlarning navbatdan tashqari majlisida Afg‘onistondagi voqealar rivoji, mamlakatda navbatdagi fuqarolar urushi boshlanishining ehtimoli qo‘shimcha xavf hamda tahdidlar uyg‘otishi eslatib o‘tildi. Albatta, hech kim bu kabi ishlarga aralashmoqchi emas», — degan Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ahmad-Shoh Mas’udning o‘g‘li «Tolibon»ga qarshi kurash kuchlarini tuzdi