19:17 / 09.09.2021
3 057

Lukashenko Moskvaga keldi. U Putin bilan Rossiya va Belarus birlashuvi rejasini tasdiqlamoqchi

Lukashenko Moskvaga keldi. U Putin bilan Rossiya va Belarus birlashuvi rejasini tasdiqlamoqchi
Foto: Reuters
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ishchi tashrif bilan Moskvaga keldi, deb yozmoqda «Belta».
Xabarga ko‘ra, 9 sentabr kuni tushdan keyin Lukashenko Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.

«Ular Rossiya va Belarus integratsiyasi uchun yo‘l xaritalari paketini imzolashni rejalashtirmoqda», — degan edi avvalroq Belarusning Moskvadagi elchisi Vladimir Semashko. «Belta» xabariga ko‘ra, tomonlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan tayyorlangan 28 ta ittifoq dasturini muhokama qiladi.

Shuningdek, Putin va Lukashenko «ikki tomon kun tartibining boshqa dolzarb masalalari va xalqaro muammolarni» muhokama qilishi kutilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.

Rossiya va Belarus rasmiylari 1999 yildan beri ikki davlatning siyosiy integratsiyasini muhokama qilib keladi. 2019—2020 yillarda iqtisodiyot va boshqaruvning turli sohalarida birlashuvni o‘z ichiga olgan 31 ta yo‘l xaritasi atrofida muzokaralar o‘tkazilgan. Yo‘l xaritalari loyihalari biror marta chop etilmagan. Avvalroq Belarus aholisi mamlakatning Rossiya bilan integratsiyasiga qarshi chiqqan edi.

Iyul o‘rtasida Putin va Lukashenko besh soatlik muzokara o‘tkazgandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, muzokaralar davomida tomonlar Rossiya 2022 yilda Belarusga gazni 2021 yilgi narxlarda sotishi to‘g‘risida kelishib olgan, narx indeksatsiya qilinmaydigan bo‘lgan.

Iyuldagi uchrashuv Aleksandr Lukashenko va Vladimir Putinning 2021 yil boshidan beri to‘rtinchi yuzma-yuz uchrashuvi edi. Birinchisi fevral oyida Sochida, ikkinchisi aprel oyida Moskvada, uchinchisi may oyida yana Sochida bo‘lib o‘tgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenko Moskvaga keldi. U Putin bilan Rossiya va Belarus birlashuvi rejasini tasdiqlamoqchi