13:10 / 14.09.2021
2 987

«Tolibon» Afg‘oniston sobiq vitse-prezidentining oltinlarini olib qo‘ydi va odamlarni qatl qilishni boshladi

«Tolibon» Afg‘oniston sobiq vitse-prezidentining oltinlarini olib qo‘ydi va odamlarni qatl qilishni boshladi
Foto: Reuters
«Tolibon» harakati jangarilari Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solihning uyidan 6,5 million dollar pul va oltin yombilarni topdi. Bu haqda afg‘onistonlik faol Muhammad Jalol o‘z Twitter’ida ma’lum qilgan.

Solihning uyidagi tintuvlar «Tolibon» rahbarligidagi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari operatsiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan. Topilgan qimmatbaho buyumlarning barchasi huquq-tartibot organlari tomonidan musodara qilingan.

Avvalroq Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Tojikistonga qochib ketgani ma’lum bo‘lgan edi. Sobiq siyosatchi Milliy qarshilik fronti yetakchilari hamrohligida qo‘shni mamlakatga jo‘nab ketgan.

Amrulla Solih prezident Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganidan keyin avgust o‘rtalarida Afg‘oniston konstitutsiyasiga asoslangan holda o‘zini muvaqqat davlat rahbari deb e’lon qilgan va «Tolibon» harakatiga qarshi kurashga chaqirgan edi.

Solih o‘sha vaqtda «Tolibon» nazorati ostiga o‘tmagan yagona viloyat — Panjsherda jangarilarga qarshilik armiyasini to‘plashni boshladi. Ammo sentabr boshida toliblar Panjsher to‘liq ularning qo‘li ostiga o‘tganini e’lon qildi.

«Tolibon» Afg‘onistonda odamlarni qatl qilishni boshladi
«Tolibon» xavfsizlik xizmati Mozori Sharif shahrida bolalar o‘g‘rilari guruhini qatl qilib, to‘rt nafar yosh bolani ozod etganini e’lon qildi. Bu haqda Aamaj News agentligi xabar bergan.

Foto: EPA
«Maxsus operatsiya» 13 sentabr, dushanbaga o‘tar kechasi olib borilgan. Bola o‘g‘rilari go‘yoki to‘rt nafar afg‘on erkak va bir nafar o‘zbek ayoldan iborat bo‘lgan. Ularning barchasi tutib olingan joyida otib tashlangan.

O‘z navbatida, bir qator afg‘on OAVlari Mozori Sharifdagi yirik to‘qnashuv haqida xabar berdi. Jurnalistlar taxmin qilishicha, bu «Tolibon» va boshqa jangarilar o‘rtasidagi jang yoki toliblarning o‘zaro qurolli janjali bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, afg‘onistonliklar ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan videolarda mamlakatning turli hududlarida odamlarning o‘g‘irlab ketilishi va jazolanishi holatlarini ko‘rish mumkin. Ayollarni omma oldida do‘pposlash holatlari ham boshlangani aytilmoqda. Ammo ushbu voqealarni izohlovchi rasmiy xabarlar berilmayapti.

«Afg‘on ayollari erkaklar bilan birga ishlamasligi kerak»
Afg‘onistonlik ayollar erkaklar bilan birga ishlamasligi kerak, dedi «Tolibon» harakatining yuqori mansabli vakili Vohidulla Hoshimiy Reuters agentligiga bergan intervyusida.

Foto: Reuters
Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyat tomonidan bo‘layotgan bosimga qaramasdan, toliblar «islom huquqi bo‘yicha o‘z versiyasi»ni amalga oshirmoqda.

«Biz Afg‘onistonda shariat tizimini joriy qilish uchun qariyb 40 yil kurashdik. Shariatga ko‘ra, erkaklar va ayollar bir joyga to‘planishi, bitta tom ostida o‘tirishi mumkin emas. Ular birga ishlay olmaydi. Bu aniq-ravshan. Ayollarga bizning idoralarimizga kelish, bizning vazirliklarimizda ishlashga ruxsat berilmaydi» — dedi Hoshimiy.

Kobulga «Tolibon» istilosidan keyingi birinchi tijorat aviareysi amalga oshirildi
«Pokiston havo yo‘llari» xalqaro aviakompaniyasi Afg‘onistonga hokimiyat tepasiga «Tolibon» kelganidan keyin birinchi tijorat reysini amalga oshirdi.

Foto: Anadolu Agency
Charter tijorat reysi bilan Islomoboddan Kobulga jurnalistlar guruhi ham yetkazilgan.

Afg‘oniston poytaxtidan Islomobodga qaytishda samolyot Jahon banki, xalqaro OAVlar xodimlarini, shuningdek, mamlakatni tark etish istagidagi qariyb 80 nafar fuqaroni olib ketgan.

«Tolibon» 15 avgust kuni Kobul ustidan nazorat o‘rnatgach, Afg‘onistonga xalqaro tijorat reyslarini to‘xtatgan edi.

Shuningdek, avgust o‘rtalarida «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Afg‘onistonda kamida 153 ta OAV o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bunga moliyaviy muammolar va toliblar tomonidan kiritilayotgan cheklovlar asosiy sabab bo‘ldi. O‘tgan hafta esa afg‘on OAVlari jurnalistlarga norozilik aksiyalarini yoritish taqiqlanganini xabar qildi. Shu bilan birga, «Tolibon» vakili Suhayl Shohin OAVning hukumatga nisbatan tanqidlarini maqbul deb atagan edi.

Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi AQSHni «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan keyin muzlatib qo‘yilgan mablag‘larni «ochib yuborish»ga chaqirdi. Bu mamlakatda iqtisodiyot qulashining oldini olish uchun zarurligi aytilmoqda. 18 avgust kuni AQSH Afg‘oniston Markaziy bankiga tegishli qariyb 9,5 milliard dollarni muzlatib qo‘yib, mamlakatga naqd pul yetkazilishini to‘xtatgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘oniston sobiq vitse-prezidentining oltinlarini olib qo‘ydi va odamlarni qatl qilishni boshladi