17:28 / 18.09.2021
1 752

AQSH Kobulda xatolik tufayli tinch aholi vakillariga zarba berilganini tan oldi

AQSH Kobulda xatolik tufayli tinch aholi vakillariga zarba berilganini tan oldi
AQSH hukumati amerikalik harbiylarni olib ketish jarayoni yakunlanishidan bir necha kun oldin Kobulda uchuvchisiz uchish qurilmasi bergan zarba oqibatida begunoh tinch aholi vakillaridan 10 kishi halok bo‘lganini tan oldi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi tekshiruvlari yakuniga ko‘ra, dron gumanitar missiya xodimi bo‘lgan afg‘onning mashinasiga zarba yo‘llagan.

Hujum oqibatida avtomashina haydovchisi Zamaray Ahmadiyning o‘zidan tashqari uning oila a’zolari bo‘lgan to‘qqiz kishi, shu jumladan yetti bola halok bo‘lgan. Bolalarning eng kichigi ikki yoshli Sumayya edi (dastlabki xabarlarda olti bola qurbon bo‘lgani aytilgandi).

Bu amaliyot toliblar hokimiyatga kelishi ortidan boshlangan tartibsiz evakuatsiya vaqtida Kobul aeroportida ro‘y bergan teraktdan bir necha kun o‘tib amalga oshirilgandi.

Bu amerikalik harbiylarning Afg‘onistondagi 20 yillik kampaniyasini yakunlash jarayonidagi so‘nggi amaliyotlardan biri bo‘ldi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi generali Kennet Makkenzining so‘zlariga ko‘ra, Amerika razvedkasi sakkiz soat davomida gumanitar tashkilot xodimining mashinasini kuzatgan, ular Ahmadiyni ISHIDning mintaqadagi bo‘limi - ISHID-Xuroson guruhi a’zosi sifatida gumon qilishgan.

Uning avtomobili ISHID tarafdorlari bilan aloqador ob’ekt hududida bo‘lgan va avtomobil harakat yo‘nalishi terrorchi guruhning Kobul aeroportiga hujum rejasi haqidagi boshqa razvedka ma’lumotlariga mos kelgan.

Qaysidir pallada uchuvchisiz uchish qurilmasi odamlar bu avtomobil yukxonasiga portlovchi moddalarni eslatuvchi yuklarni ortayotganini qayd etgan. Keyinroq aslida bu suv to‘ldirilgan idishlar bo‘lgani oydinlashdi.

General Makkenzi bu zarbani fojiali xato deb atadi. Zamaray Ahmadiy aeroportdan uch kilometr masofada joylashgan xonadoniga qaytganida dron mashinaga zarba bergan.

Bu zarba ortidan keyin yana portlash ovozlari eshitilgandi va amerikaliklar buni mashinada chindan ham portlovchi moddalar bo‘lganiga isbot sifatida ko‘rsatishgandi. Ammo, tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, bu aslida mashina yaqinida turgan propan to‘ldirilgan ballonlar portlashi bo‘lgan.

AQSH harbiylari 26 avgust kuni xudkush terrorchi Kobul aeroportida 150dan ortiq tinch aholi vakillari va 13 nafar amerikalik harbiy xizmatchi o‘limiga sabab bo‘lgan portlashni amalga oshirganidan keyin yuqori darajadagi harbiy tayyorgarlik holatida turishgandi. Bu terakt uchun javobgarlikni ISHID-Xuroson guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Qurbonlarning qarindoshlari bu hodisadan keyin BBC muxbiri bilan suhbatda oila AQSHga evakuatsiya uchun murojaat qilgani va aeroportga chaqiruv kutayotgan bo‘lganini bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Kobulda xatolik tufayli tinch aholi vakillariga zarba berilganini tan oldi