3 067
Televizor hayotini o‘zgartirishidan qo‘rqqan xalq: dunyoga yopiq Butan haqida ochiq ma’lumotlar
Kunlik axborotlardan to‘yib qolgan, sayohat qilishni juda xohlaydi-yu, bunga pul orttirolmayotganlarga Himolay tog‘laridagi XXI asrning g‘ayrioddiy mamlakati haqida hikoya qilamiz.
Sharqiy Himolay tog‘lari va Osiyoning janubi-sharqida tabiati yangi tug‘ilgan chaqaloqdek saqlangan bir davlat bor, u Butan nomi bilan xaritaga kirgan. Butanning 1 millionga ham yetmaydigan aholisi tog‘lar orasidagi 38 ming kvadrat kilometrni o‘zlariga vatan qilgan. Aksar yo‘llari o‘nqir-cho‘nqir va past-balandlikdan iborat bo‘lgan butanlik haydovchilar yo‘llarda juda sekin harakatlanishadi.
Shuning uchun ham aholi svetofordan butunlay voz kechgan. Mashina va piyodalar harakatini maxsus xodim nazorat qilib turadi. Thimphu Osiyodagi svetofori bo‘lmagan 2 poytaxtdan biridir. Bunga Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda ham guvoh bo‘lish mumkin.
Rasmiy idoraga milliy libosda borish shart
Butan yaqin-yaqinlargacha butun dunyo uchun yopiq hudud edi. Mamlakat 1971 yilda BMTga qo‘shilganidan keyin, hududga sayyohlar oqimi boshlandi. Tabiiy savol tug‘iladi: nega Butan uzoq yillar o‘zini dunyo uchun yopib yashagan?
Mamlakat aholisi buddizmga e’tiqod qiladi. Ular dinlari, qadriyat va an’analarining buzilishidan qo‘rqqani uchun dunyo bilan aloqa qilishni istashmagan. Shu sabab ham dunyo tarixida televizor eng oxirida kirib borgan davlat ham Butandir. Ular televizor butanliklar hayotini o‘zgartirib yuborishidan hadiksiragan.
Televizorda ko‘rsatilgan ilk tasvir 1998 yilda Fransiyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lgan.
Nima bo‘lganda ham butanliklar milliy qadriyatlarini asrashga jon-jahdi bilan tirishadi. Shu sabab butanliklar hukumat yoki biror rasmiy idoraga borganda milliy libosini kiyishi shart. Bunda erkaklardan gho, ayollardan kira deb nomlangan milliy libos talab etiladi.
Birinchi taklif qilingandayoq ovqatlanish odobsizlik sanaladi
Bu xalq odatiga ko‘ra, birinchi marta ovqat taklif qilinganda, mehmon rozi bo‘lmasligi kerak. U «meshu-meshu» deya qo‘llari bilan og‘zini berkitib oladi. Mezbon 2-3 marta mehmonni qayta ovqat yeyishga taklif qilgandan keyin ovqat uchun rozilik bildirish odob sanaladi.
Yana bir qiziq tomoni, Butanda hamon matriarxat davr hukmron. Ayollar biznes va qishloq xo‘jaligini boshqaradi. Mulkni meros qoldirish huquqi ham ularda. Kuyovlar oila qurgandan keyin ayoli uyiga ko‘chib o‘tadi.
Butan – zaharli gazlardan xoli dunyodagi yagona mamlakat
Butan so‘zi “Momaqaldiroq ajdarho makoni” degan ma’noni bildiradi. Mamlakatga bu nom berilishiga sabab Himolay tog‘larida tez-tez ro‘y beradigan momaqaldiroqlardir.
Butanliklar – hayvonot va o‘simlik dunyosining haqiqiy himoyachisi. Buni mamlakatda tabiatni asrash majburiy qilib qo‘yilganida ham ko‘rish mumkin. Konstitutsiyada qaysi davr ekanidan qat’i nazar, mamlakatning 60 foizini doimo o‘rmonlar tashkil qilishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun ham Butan zaharli gazlardan xoli hudud hisoblanadi. Daraxtlar karbonat angidridlarni yutib, havoni muttasil tozalab turadi.
Shuningdek, Butan tamaki taqiqlangan dunyodagi yagona davlat hamdir. Tamaki ekish, yig‘ish, sotish taqiqlanadi. Jamoat joylarida chekkanlar 3-5 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Mamlakatda qora bo‘yinli turnani o‘ldirish taqiqlangan. Bunday ayblov qo‘yilgan kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Chunki qora bo‘yinli turna noyob bo‘lib, Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan. Ular Yer yuzida 5000-6000 dona atrofida qolgan.
Turmush darajasi YAIM bilan emas, Yalpi milliy baxt bilan o‘lchanadi
Butanda 1999 yilda plastik mahsulotlardan foydalanish ham taqiqlangan. Ammo muqobili yo‘qligi sabab plastik mahsulotlardan foydalanish 2019 yilda qayta joriy qilindi. Shunga qaramay, hukumat aholini doimiy ravishda mato va jun sumkalardan foydalanishga targ‘ib qiladi.
Tabiatga oshno butanliklarning salomatlik darajasi ko‘pchilikni qiziqtirishi turgan gap. Aholining hayot davomiyligi 70 yoshni tashkil qiladi.
Butan juda ko‘p tomonlari bilan dunyoda takrorlanmas davlatdir. Butanda YAIMga iqtisodiy o‘sish va rivojlanish ko‘rsatkichi sifatida qaralmaydi. Butanliklarda o‘zlari uchun Yalpi milliy baxt o‘lchovi bor. Turmush darajasining yaxshiligi daromadning ko‘pligiga qarab emas, odamlar o‘zini baxtli hisoblashi bilan belgilanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi