17:46 / 07.02.2022
4 160

Tarixda bugun: Leninning buyrug‘i bilan otib tashlangan «Rossiya oliy hukmdori» haqida

Tarixda bugun: Leninning buyrug‘i bilan otib tashlangan «Rossiya oliy hukmdori» haqida
Foto: Heritage Images / Archive Photos
1920 yil 7 fevral, Irkutsk. Rossiyada qonli fuqarolar urushi nihoyalab qolayozgan palla. Bundan roppa-rosa 102 yil avval oq gvardiyachilarning Uzoq Sharq va Sibirdagi rahnamosi, Omskda yangi davlat e’lon qilib, o‘zini «Rossiya oliy hukmdori» deya nomlagan admiral Aleksandr Kolchak otib o‘ldirildi.

Agar tarix charxpalagi teskarisiga aylanib, qizillar mag‘lubiyatga uchrasa, Rossiyada butunlay boshqacha jamiyat qurilishi mumkin edi. Ana o‘shanda katta ehtimol bilan admiral Kolchak eng yirik rahbarga aylanishi mumkin edi. Ammo bu safar omad bolsheviklarga kulib boqdi.

U yaxshigina olim ham bo‘lishi mumkin edi
Aleksandr Vasilevich Kolchak 1874 yilda tug‘ilgan. Uning otasi Vasiliy Ivanovich armiya general-mayori bo‘lgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, Kolchakning ajdodlari serbiyalik musulmonlarga borib ham taqaladi.

Maktabni yolchitib o‘qimagan Aleksandr dengizchilik maktabiga o‘qishga kiradi. Bu yerda dengiz ilmiga qattiq qiziqib qoladi.

1895 yillardan boshlab yosh Kolchak okeanografiya va gidrologiya bilan chuqur shug‘ullana boshlaydi, Uzoq Sharqqa sayohat qiladi, Oxota dengizi, Bering bo‘g‘ozi kabi geografik hududlarga qiziqishi ortadi. Hatto 1842 yildan beri nashr etib kelinayotgan «Gidrologiya bo‘yicha qaydnomalar» ilmiy jurnalida Yapon va Sariq dengiz bo‘yicha tadqiqotlarini chop ettiradi.

1900-1902 yillarda afsonaviy «Sannikov yeri»ni ochishni maqsad qilgan qutb ekspeditsiyasi uyushtiriladi. Afsuski, uning tashkilotchisi va rahbari bo‘lgan baron Toll boshchiligidagi ekspeditsiya muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va butun jamoa izsiz yo‘qoladi. O‘sha paytlarda leytenant bo‘lgan Kolchak mazkur ekspeditsiya taqdirini aniqlash operatsiyasiga boshchilik qiladi. Sayyohlardan nom-nishon topa olmasa ham, yo‘qotishlarsiz ortga qaytgan leytenantga Rus geografiya jamiyati a’zosi unvoni beriladi, Kolchakni mashhur geograf Semyon Tyanshanskiy e’tirof etadi.

Ammo tez orada boshlanib qolgan rus-yapon urushi Kolchakni harbiy sohaga boshi bilan sho‘ng‘ishiga sabab bo‘ladi.

Harbiy kar’era
Ruslar uchun sharmandali yakunlangan rus-yapon urushi yakunida Kolchak qattiq betob bo‘lib qoladi va Sankt-Peterburgga qaytib keladi. Shundan so‘ng biroz muddat ilmiy faoliyat va rus flotini oyoqqa turg‘izish ishlari bilan shug‘ullanadi. Birinchi jahon urushida Kolchak Boltiq dengizi floti safida edi.

1915 yilda Germaniya imperiyasi askarlari Rossiya bilan chegara frontida keng ko‘lamli hujum boshlaydilar. Armiyani Boltiq dengizi floti ham qo‘llab-quvvatlab turdi. Ammo Kolchak boshchiligidagi dengizchilar dushmanni shimoliy frontda to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada nemislar muhim nuqta bo‘lgan, hozirgi Latviya poytaxti Riga shahrini egallay olmaydilar.

Ushbu xizmatlari evaziga 1916 yilda Kolchak vitse-admiral unvonini oldi va Qora dengiz flotini boshqardi. Fevral inqilobi sodir bo‘lganda Kolchak ushbu hodisani noxush qarshi olgan. U imperator Nikolay II ga sodiq qolgan kam sonli harbiylardan biri edi.

Muvaqqat hukumat davrida mamlakatda siyosiy vaziyat murakkablashib boradi. Natijada, 1917 yil noyabrda bolsheviklar davlat to‘ntarishini amalga oshiradi. Kolchak bu vaqtda AQSHning San-Fransisko shahrida edi.

1918 yil sentyabrida u Vladivostokka yetib keladi. Bu vaqtda Ufada bolsheviklarga qarshi yirik qarshilik harakati vujudga kelayotgan, Ufada demokratik kuchlar Direktoriyasi tuzilayotgandi.

Unga publitsist, eserlar partiyasi vakili Nikolay Avksetev rahbar etib tayinlanadi. 5 noyabrda Kolchak mazkur hukumat tarkibiga harbiy va dengiz floti vaziri bo‘lib kiradi.

18 noyabrda direktoriya ichida to‘ntarish yuz beradi. Natijada Kolchak oliy bosh qo‘mondonga aylanadi va «Rossiya oliy hukmdori» unvonini oladi.

1918-19 yillarda butun Rossiya olov ichida qoladi. Bolsheviklar harbiy kommunizm siyosatini qo‘llab, qat’iy tartib o‘rnatadilar. Ushbu davlatni sharqdan Kolchak, janubdan Denikin, janubi-g‘arbdan Yudenich kabi sarkardalar halqasi qisib kelayotgan edi. Ammo hal qiluvchi zarbani berishga biron bir sarkarda qodir bo‘la olmaydi.

1919 yil yozida Qizil armiya askarlari soni 1,5 millionga yetadi va qudratli kuchga aylanadi. Cho‘zilib borayotgan urush Kolchak armiyasini charchatgan va xafsalasini pir qilayotgandi.

Kolchak bolsheviklarga qarshi kurashgan bo‘lsa ham, Rossiya tarkibidagi xalqlarga ozodlik berishni mutlaqo o‘ylagan emas. 1919 iyunda finn generali Mannergeym 100 ming kishilik armiya bilan Petrogradga yurish qilish va buning evaziga Finlyadiya mustaqilligini tan olishni taklif qiladi. Kolchak esa buni qat’iyan rad etadi.

Shuningdek, Kolchakning O‘rta Osiyodagi qo‘rboshilar: Katta va Kichik Ergash, Junaidxon kabi milliy-ozodlik harakati vakillari bilan aloqa o‘rnatgani haqida dalillar bor. Hatto 1918 yil kuzida admiral Kolchakning elchilari Farg‘onaga, Madaminbek huzuriga kelishadi va unga rus armiyasi polkovnigi unvonini berishadi.

Ammo Kolchakning Rossiya imperiyasi hududini saqlab qolish ambitsiyalarini sezgan qo‘rboshilar bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmaydilar.

Intiho
1919 yil oxiri 1920 yil boshlarida Buyuk Sibir muz yurishi boshlanadi. Bu Sibirdagi kuchlarning so‘nggi yirik yurishi edi. Ushbu yurish natijasida qarshilik kuchlari to‘liq mag‘lubiyatga uchraydi.

Kolchak «Rossiya oliy hukmdori» martabasini general Denikinga o‘tkazadi. Ammo Denikin amalda ushbu mansabda bir kun ham o‘tirgan emas. 1920 yilning o‘zidayoq Denikin kuchlari ham tor-mor etiladi. 1920 yil 4 aprelda Denikin rahbarlikni general Vrangelga topishirib, Angliyaga jo‘nab ketadi.

Kolchakning o‘limidan avvalgi so‘nggi surati.
Shu tariqa Rossiyada oq gvardiyachilar va chet el kuchlari aralashuvi bilan kommunistlarni hokimiyatdan chetlatish missiyasi muvaffaqiyatsiz yakun topadi.

Kolchak 1920 yil yanvarida Irkutsk harbiy-inqilobiy kuchlari qo‘liga tushadi va 7 fevral kuni shaxsan Vladimir Lenin buyrug‘i bilan otib tashlanadi.

Kolchakning jasadi Ushakovka daryosiga tashlab yuborilgan. Uning qizillar qo‘liga tushishida Antanta kuchlari tomonidan Sibirga jo‘natilgan ittifoqchi kuchlarning sotqinligi ham sabab degan qarash bor. Jumladan, Sibirdagi «chexoslovak korpusi»ni ortga qaytarish missiyasi topshirilgan fransuz generali Janen Moris ham aybdor sifatida ko‘riladi.

Admiral oilasi Fransiyaga ko‘chib ketadi. Uning o‘g‘li Rostislav fransuz armiyasi safida gitlerchilarga qarshi kurashgan va asir ham tushgan. Kolchakning nabirasi Aleksandr Rostislavich 2019 yil vafot etdi. 2004 yilda Irkustkda admiralga bag‘ishlangan yodgorlik ochilgan.

Ulug‘bek Oripov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tarixda bugun: Leninning buyrug‘i bilan otib tashlangan «Rossiya oliy hukmdori» haqida