Valyuta ayirboshlash shoxobchasi. Sankt-Peterburg, 2022 yil 1 mart
G‘arb mamlakatlari Ukrainada boshlangan urushga javoban Rossiyani har tomondan siquvga olib, og‘ir sanksiyalarni qo‘llay boshladi. Rubl kursi quladi, Rossiya banklari SWIFT tizimidan uzildi. Markaziy bankning xorijdagi oltin-valyuta zaxiralari bloklandi. Meduza o‘z obunachilaridan sanksiyalar (va javob choralari) ularning hayotiga qanday ta’sir qilgani, bundan keyingi rejalari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishni so‘rab, bir qancha javob xatlari jamlanmasini e’lon qilgandi. «Daryo» uni o‘zbek tiliga o‘girdi.
Anatoliy
Moskva
Urush boshlanganidan so‘ng sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan kompaniyadagi rahbarlik lavozimidan ketishga qaror qildim. Yaxshigina daromad manbaidan ayrildim.
Dahshat. Oilamda parokandalik — rafiqam Rossiyani tark etishni istamayapti. Men esa ketishni istayman. To‘rt farzandimning ta’limiga qayerdan pul topaman, bilmadim.
Hozircha migratsiyani rejalashtiryapman. Agar uddalay olmasam, ishimni harbiy sanoat kompleksiga aloqador bo‘lmagan birorta sohaga o‘zgartiraman.
Sergey
Sankt-Peterburg
Rus aksiyalariga pul tikkanim uchun barcha jamg‘armalarimni yo‘qotdim. Yaqin vaqtgacha Rossiyadan chiqib ketishni istamayotgandim, lekin hozir boshqa chora yo‘qday ko‘rinyapti. Shimoliy Koreyadagi kabi izolyatsiya ichida yashamaslik uchun shunday qilishga to‘g‘ri keladi.
Andrey
Moskva
Men o‘yinlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanaman, kompyuter o‘yinlarini yaratib, Steam orqali tarqataman. Platforma hisob raqamga faqat SWIFT orqali pul o‘tkazadi. SWIFT ishlaydigan bankda hisob ochtirishga to‘g‘ri keladi. Aks holda, sotilgan o‘yinlar uchun pul ololmayman.
Katya
Moskva
Men spirtli ichimliklar import qiluvchi kichikroq kompaniyada ishlayman. Rubl kursidagi o‘zgarishlar tufayli bugundan boshlab barcha yetkazib berishlar to‘xtatildi. Rahbariyat jim.
Ishimni avvalgiday davom ettiraman. Qattiq mehnat qilaman, o‘zimga nisbatan rostgo‘y bo‘laman, yaqinlarimni sevib, g‘amxo‘rligimni ayamayman.
Polina
Moskva
Kafeda Apple Pay ishlamadi, zaytun moyi doim sotib oladigan yerimda 20 foizga qimmatladi, may oyida Budapesht ta’tiliga bora olmaydigan bo‘ldim.
Bu kayfiyatimga yomon ta’sir qilishi aniq, «Mir» kartasidan foydalana boshlayman, chiqimlarni esa kamaytiraman.
Katerina
Germaniya
Men Germaniyada yashayman, lekin uy hayvonlarim Rossiyada qolgan. May oyida olib ketishim kerak edi, lekin endi «osmon yopilib», ular Rossiyada qolib ketdi, men esa olib kelolmay qoldim. Hozir bu juda qimmatga tushadi. Tartibsizliklar tugashini kutishga majburman.
Mariya
Moskva
Ishim xalqaro madaniy loyihalar bilan bog‘liq. Hozir u butunlay to‘xtab qoldi. Tashkilotimiz yopilishi mumkin: chet ellik ishtirokchilar Rossiyaga kelishga tayyor emas. Mamlakatdan chiqib ketish haqida o‘ylayapman.
Viktoriya
Qrim, Simferopol
Maoshim Rossiyadagi ko‘chmas mulklar bilan uzviy bog‘liq. Narx va ipoteka stavkalari endi keskin ko‘tarilib ketsa, ish beruvchilar maoshimni to‘lay olishi ehtimoli kamayadi. Qochqinlik maqomini olib, mamlakatni tark etmoqchiman.
Diana
Sankt-Peterburg
Menga sanksiyalargina emas, balki xorijiy xizmatlar bloklanishi va cheklanishi ham ta’sir qildi. Men talabaman, ertalabdan beri Google Slides va boshqa ko‘plab zarur narsalarga kirolmayapman. Urush ilm-fanga ta’sir qilmasligi kerak.
Noqulaylik tug‘dirsa ham, VPN va boshqa muqobil xizmatlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Natalya
Stavropol
Ruhiyatimga qattiq ta’sir qildi, vahimaga tushib, ertangi kun qo‘rquvi bilan yashayapman. Xitoyga ketmoqchiman.
Artyom
Krasnodar
Sevimli brendimdagi suli yormasi bir yarim baravar qimmatlashdi... Suli yormasi! Rossiya mahsuloti! Ko‘zlarimga ishonmadim. Kompyuterdagi o‘zgarishlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi — SSD disk sotib olishga yakshanba kuni bazo‘r ulgurib qoldim. Ertasi kuni narxi ikki baravar oshib ketdi. Steam’dan o‘yinlar va umuman xorijiy saytlardagi raqamli kontentni sotib olishni to‘xtatdim. Axir uni istalgan vaqtda olib qo‘yishlari mumkin.
Ko‘proq ishlayman va arzonroq suli yormasini sotib ola boshlayman.
Mariya
Sankt-Peterburglik, hozir Yevropa Ittifoqida
Hozir Yevropa Ittifoqidaman, yigitim shu yerda yashaydi. U bilan uchrashdim, endi esa uyga qanday qaytishni bilmayapman. Agar qaytsam, qachondir u bilan yana uchrasha olamanmi? Rublda olinadigan maosh bilan endi Yevropada yashab ham bo‘lmaydi. Uyga qaytishga ikkilanyapman.
Aleksandr
Novosibirsk
Tinchlantiruvchi dorilar ikki baravar qimmatlashdi (Rossiya mahsuloti bo‘lishiga qaramay). Hatto tushkunlik kayfiyatini yengish ham qiyinlashdi. Ortiqcha tashvishlanmaslikka harakat qilyapman.
Vladimir
Sankt-Peterburg
Men fitnes kiyimlari savdosi bilan shug‘ullanaman. Mahsulotni Yevropadan olib kelaman. Ukraina bilan chegarada vaziyat og‘irlashganidan so‘ng yevropalik hamkorlar barcha kredit liniyalarini uzib, hamkorlik shartlarini og‘irlashtirdi. Endi esa sanksiyalar kuchaygan va valyuta kursi keskin oshgan sharoitda mahsulotim tannarxini ham oshirishga majbur bo‘lyapman. Qayta oyoqqa turishga bir necha oy kerak bo‘ladi.
Hozircha yuzaga kelgan muammolarni bartaraf qilishga urinyapman. Endi tovarlarni xorijdan qanday olib kiraman, bilmadim. Yangi kolleksiyalar haqida orzu ham qilmay qo‘ydik. Bu dahshatlar tezroq o‘tib ketsaydi.
Aleksandr
Rostov-Don
Men xorijiy onlayn xizmatda ishlayman. Qayerdadir Rossiyadan turib to‘lov qilish imkoniyati allaqachon o‘chirildi, yana qayerdadir rus tili yo‘qolib qolgan. Olgan buyurtmalarimning bir qismi bekor qilindi, chunki odamlar tanlovi keskin o‘zgardi.
Bir necha kun qo‘limni qovushtirib o‘tirdim. Bir hafta ichida qimmatli qog‘ozlar va boshqa vositalardagi jamg‘armalarim 30 foizga kamaydi. Moskvaga, sevgan ayolimning yoniga, samolyotda yetib borolmadim. Poyezdda borish haqida o‘ylayapman, lekin u qimmat va ko‘proq vaqtni oladi. Lekin bularning barchasi, albatta, urush zonasidagi odamlar boshidan kechirayotgan narsalar yonida aytishga ham arzimaydi.
Zimmamdagi barcha mas’uliyatlarni bajarishda davom etaman. Talab va ayniqsa xizmatlar darajasini maksimal darajada saqlab qolishga harakat qilaman. Do‘stlarim va yaqinlarim bilan aloqani mustahkamlayman.
Anna
Samara
Men illustratorman, anchadan beri frilanser sifatida faoliyat yuritib, xorijdan buyurtmalar qabul qilib kelaman. Sohadagi ko‘plab frilanserlar aynan shunday qiladi. Endilikda deyarli barchamiz qo‘shimcha, ba’zilar esa asosiy daromad vositasini boy beryapmiz.
Vaziyatdan chiqish uchun boshqa choralar ham yetarlicha bor, lekin men vaqtinchalik yechim izlayapman.
Marina
Moskva
Qanchalik dahshatli bo‘lmasin, biz uchun eng yomoni javob sanksiyalari bo‘ldi. Erim ikkimiz Yevropa va Amerikadan maosh olamiz. Keyingi maoshni qachon olishimiz noma’lum, shu sababli endi biz o‘z xizmatimizni davlatga sotishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin qanchaga, balki, tekingadir?
Artur
Saxalin viloyati
Hududimizda narxlar ancha ko‘tarildi. Maishiy texnika va elektronika sotib olish haqida orzu qilmasa ham bo‘laveradi. Bunga sabab — narxlar oshishi va do‘konlar yetishmasligi. Hayot qo‘rqinchli tus oldi, kelajakka nisbatan barcha umidlarimiz puchga chiqdi. Yangi voqelikka moslashamiz, Ukraina mojarosi tez orada barham topadi degan umiddamiz. Daf bo‘lsin urush!
Tatyana
Moskva
Dollar kursi eng og‘riqlisi bo‘ldi: endi erim bilan har ikkimiz yana ming dollarga yetmagan maosh olamiz. Qanchalik urinma, bu mamlakatda inflyatsiya va hukumatning aql bovar qilmas darajadagi o‘ziga ishonchini yengib o‘tolmaysan. Bu yil biz ikki yil ichida birinchi marta ta’tilga chiqmoqchi edik — avval pandemiya xalal bergandi, endi esa urush.
Bu yerdan ketishga qaror qildik. Erim buvisi tomonidan yevrey, Isroilga boramiz.
Ruslan
Voronej
Men Voronejda turaman, shu sababli Yevropa Ittifoqi va AQSHdan ko‘ra, Kremlning javob sanksiyalaridan qo‘rqaman. Jiddiy aytganda, o‘tgan haftadagi deyarli barcha xaridlarim uchun afsusdaman, hammasini avvalroq sotib olib qo‘ysam bo‘larkan. Rubl kursi achinarli ahvolga tushdi. Garchi ayrimlar sanksiyalar bilan ishi yo‘qligini aytib, maqtansa ham, ishonchim komil, bu iqtisodiyotning barcha jabhalariga va aholining barcha qatlamlariga taalluqli. Turmush sifatiga ta’sir qiluvchi haqiqiy zararni tasavvur qilish hozircha qiyin. Endigina pastga qarab sho‘ng‘iy boshladik.
Ish joyimni o‘zgartirib, qo‘shimcha ish izlamoqchiman. Mamlakatni tark etmoqchi emasman. Shevchukov aytganday, «U ko‘rimsiz bo‘lsa ham, ko‘zimizni quvnatar». Dunyoda yuz berayotgan voqealarni ona shahrimdan turib kuzatishni istayman.
Artyom
Sochi
Men oshpaz bo‘lib ishlagan restoran yopildi, chunki asosiy taomimiz koreyscha qovurilgan tovuq edi. Panirovka, marinad, souslar — barchasi Koreyadan keltirilardi. Ha, hatto qizdirilgan moyni ham o‘sha yoqdan olib kelardik. Rubl kursi tushib ketgani uchun chet eldan mahsulot sotib olishga imkon qolmadi.
Boshqa ish qidiryapman. 2024 yilda turmush o‘rtog‘im bilan chet elga ko‘chib ketmoqchimiz.
Anastasiya
Moskva
Ikkita farzandimiz bor. Kvartiramiz torlik qilib, kengrog‘ini olmoqchi bo‘ldik.
Sotib olmoqchi bo‘lgan kvartiramizni tanlab, uxlashga yotdik, tongda kelishuv bo‘lishi kerak edi, lekin uyg‘onsak, urush boshlanibdi. Xaridni bekor qildik, yashash uchun hech vaqosiz qolishdan xavotirdamiz. Erim ishlaydigan kichkina bank faoliyatini bir necha kunga to‘xtatdi. Endi qayerda ishlashi noma’lum.
Hozircha faqat kuzatyapmiz, miya karaxt, yurak orqaga tortyapti. Qayergadir bosh olib ketgim kelyapti, lekin o‘zimizni qo‘lga olib, hech bo‘lmasa oilada bir-birimizni qo‘llashga harakat qilyapmiz.
Yelena
Samara viloyati
O‘g‘lim bilan onkologiya bo‘limida yotibmiz, u tez orada operatsiya qilinadi, bizga endoprotez juda zarur. U faqat xorijda ishlab chiqariladi, har biri alohida buyurtma asosida tayyorlanadi. Endi nima qilamiz, noma’lum. Shifokorlar buyurtma qilish mumkinmi yoki yo‘qligini bilmaydi. Mumkin bo‘lgan taqdirda ham, ular buyurtmani vaqtida tayyorlab, yetkazib bera oladimi? Axir operatsiya qat’iy belgilangan vaqt ichida amalga oshirilishi kerak.
Bu vaziyatda qo‘limdan hech nima kelmaydi. Shifokorlar saratonga chalingan bolalar mutlaqo beayb ekanligini u yerdagilar tushunadi degan umidda.
Anna
Taganrog
Men Pfizer kompaniyasi ishlab chiqaradigan qimmatbaho dorini qabul qilib yuraman. Kecha bir nechta pachkani shahardagi turli dorixonalardan bazo‘r topdim. Narxlar endi nima bo‘lishi haqida bir nima deyish qiyin. Sifatli dori bilan davolanish imkoniyati yo‘qqa chiqmasa bo‘ldi.
Konstantin
Kaliningrad, Omsk
Biznesim falaj bo‘ldi. Faqat sanksiyalarni deb emas, ertaga nima bo‘lishi noma’lumligi uchun ham. Bugun ishchilarga bir amallab maosh tarqatdim. Lekin hammasini emas, atigi bir qismini.
Kutishdan boshqa hech qanday chora qolmadi! “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”