Qovoq foydali xususiyatlarga ega ekanligi bilan parhez qilishni boshlagan va salomatligiga bee’tibor bo‘lmagan insonlar uchun zarur mahsulotlar sirasiga kiradi. U muntazam ravishda iste’mol qilinsa, organizmda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? Quyida ana shu haqda so‘z yuritiladi.
100 gramm qovoqda 22-24 kilokaloriya bo‘ladi. Unda yog‘ bo‘lmaydi, bor yo‘g‘i 1 gramm oqsil va 4-4,5 gramm uglevod bo‘ladi.
Qovoqdan tayyorlangan ovqatlarni ortiqcha vazn va qandli diabetdan aziyat chekayotgan hamda vazn tashlamoqchi bo‘lgan kishilar taomnomasiga kiritish tavsiya qilinadi.
Qovoq kam hollarda allergiya keltirib chiqaradi, u nafaqat kattalar, balki bolalar uchun ham eng foydali mahsulotlardan biridir. Barra qovoq yoki undan tayyorlangan sharbat A vitamini va karotinga boy bo‘ladi. Ushbu moddalar yuqori antioksidantlik xususiyatga ega hisoblanadi, fermentlar sintezida ishtirok etadi. Shuningdek, oqsil va kollagenlar ishlab chiqarilishini ham me’yorlashtiradi.
Ko‘z nuri ravshanligida muhim rol o‘ynaydigan rodopsin ishlab chiqarilishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Qovoq tarkibida E va S vitaminlari mavjudligi A vitamini va beta-karotinning so‘rilishini sezilarli darajada yaxshilaydi. Qovoqda, shuningdek, B, H, K va PP guruhi vitaminlari ham bo‘ladi.
Uni sovuq havoda immunitetni mustahkamlash uchun yeyish tavsiya qilinadi.
Qovoq sharbati polivitaminlar singari foydali hisoblanib, gripp va shamollashning yengil o‘tishiga yordam beradi. Qovoqda tarkibi odam organizmidagi gormonlarga o‘xshash moddalar ham mavjud. Uni reproduktiv salomatlikni yaxshilash uchun ham iste’mol qilish kerak.
Qovoqda kaliy va magniy mavjud bo‘lib, ular yurak faoliyati va asab tizimini yaxshilaydi. Qovoqning vitamin va minerallarga boy ekani teri, soch va tirnoqlar ko‘rinishi va mustahkamligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning iste’moli qarish jarayonini sekinlashtiradi va tashqi ko‘rinishni yaxshilaydi.
Qolaversa, qovoqda temir va mis moddasi mo‘l bo‘ladi. Ushbu moddalar qon aylanishini yaxshilaydi, anemiyaning oldini oladi, a’zolar va hujayralarni qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi. Oqsil va uglevodning organizmga singishi mazkur moddalarning mavjud ekani bilan bog‘liq.
Qovoq kremniy tuzining asosiy manbayi hisoblanadi. Ushbu mineral kollagen sintezi uchun muhim hisoblanadi.
Pechda dimlangan, bug‘da pishirilgan qovoq hazm jarayonida muammosi bo‘lgan, jigar va buyraklarda yallig‘lanish jarayonlari bo‘lgan kishilar uchun ayni muddao. Qovoqning nafaqat o‘zi, balki urug‘i ham foydali. U kishiga quvvat beradi, gijja kasalliklarining oldini oladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring