O‘zbekistonda oktyabr-noyabr oylarida 2-10 yoshli bolalar uchun degelmintizatsiyaning navbatdagi bosqichini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Hozirda bolalar orasida ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri gelmintozdir. Gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar o‘zi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun ko‘radi.
Parazit inson organizmiga 5 mingdan 150 minggacha tuxum qo‘yadi. Ular tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqalib, ichki aʼzolar va tizimlarni shikastlaydi.
Bolada gijja aniqlansa, qanday davolash kerak va bunga qancha vaqt ketadi? Gijja yuqumlimi? Uy sharoitida gijjadan qutilsa bo‘ladimi? Sputnik muxbiri bu va boshqa savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining vrach-parazitologi Umida Abdullayevadan javob oldi.
— Bolada gijja aniqlansa, qanday davolash kerak va bunga qancha vaqt ketadi?
— Tekshiruvda aniqlangan gijja turiga qarab davolash turlicha bo‘ladi.Tabletka yoki suspenziya ko‘rinishidagi gelmintga qarshi dori preparatlari (vermoks, gelmintoks, albendazol, fenasal, dekaris, prazikvantel va boshqalar) beriladi. Davolash kasallikning turiga qarab 1 kundan bir necha oygacha (exinokokkoz) davom etishi mumkin. Gelmintoz kasalligining turiga qarab bemorlar 1 oy, 3 oy, 6 oy, 1 yil va 5 yilga dispanser kuzatuviga olinadi. Davolash bilan birgalikda shaxsiy gigiyena ko‘nikmalarini hosil qilib borish kerak.
— Gijjalarni qayerda tekshirtirish mumkin?
— Gijja kasalliklari davolash-profilaktika muassasalarining (oilaviy poliklinika, shifoxonalar) klinik-diagnostika laboratoriyalarida va Sanitariya – epidemiologiya qo‘mitasining boshqarma va bo‘limlarining parazitologiya laboratoriyalarida tekshirtirish mumkin.
— Gijja kasalliklari asosan nima sababdan paydo bo‘lishi mumkin?
— Gijja kasalliklari asosan qo‘llarni yaxshi yuvmaslik, meva-sabzavotlarni yaxshi yuvmasdan isteʼmol qilish, suvni qaynatmasdan ichish, kasallangan hayvonlar bilan yaqin muloqatda bo‘lish, zararlangan go‘sht va baliq mahsulotlarini chala pishirilgan holatda isteʼmol qilish natijasida kelib chiqishi mumkin.
— Gijjaning yuqumlilik darajasi qanday?
— Gijja kasalligi bilan kasallanishni va uning jamoa ichida tarqalishini oldini olishda tibbiyot xodimlari tomonidan doimo zararlanish ko‘rsatkichi hisoblab, qayd etilib boriladi. Yaʼni bir oilada yoki guruhda, sinf, maktabda va boshqa jamoaviy holatlarda kasallanish holatining shu jamoaga nisbatan hisoblangan ko‘rsatkichi bo‘lib, bu ko‘rsatkich 15% dan oshgan holatlarda muloqotdagilarning barchasi profilaktik maqsadda davolanishi lozim.
— Gijja kasalligi bo‘yicha ko‘rsatgichlar qanday?
— Toshkentda parazitar kasalliklarni oldini olish va epidemiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari majmuasini tashkil etish va o‘tkazilishi natijasida epidemik vaziyat barqaror bo‘lib qoldi. 2022 yilda bezgak, kanali qaytalama terlama, teniarinxoz va trixotsefalyoz kasalliklari qayd etilmadi. Shahar aholisi o‘rtasida askaridoz 27ta (2021 yil) holatdan 12 ta holatgacha, exinokokkoz 8 ta holatdan 5 ta holatgacha kamaygan bo‘lsa, enterobioz 5042 ta holatdan (2021yil) 6464 ta holatga, gimenolepidoz 8 ta holatdan 12 ta holatga, teri leyshmanioz kasalligi 6ta holatdan 8 ta holatga ko‘paygan, 2 ta holatda toksokaroz kasalligi qayd etildi.
— Uy sharoitida gijjadan qutilsa bo‘ladimi? Qanday tabiiy mahsulotlar jigarni gijjadan tozalashi mumkin?
— Agar gijja ichakni zararlagan bo‘lsa, shuningdek, bu bemorda o‘tkir va surunkali kasalliklarning asoratli belgilari kuzatilmasa, uy sharoitida ham davolanish mumkin. Gijjalar jigarda joylashgan bo‘lsa, yaʼni exinokokkoz, fassiolyoz, opistorxoz kasalliklari bilan zararlangan bo‘lsa, bunday holatda uy sharoitida tabiiy mahsulotlar bilan davolab bo‘lmaydi.
— Gijja kasalligini vaqtida davolamasa qanday kasalliklar yuzaga keladi?
— Gijja kasalligi o‘z vaqtida davolanmasa kamqonlik, allergik, oshqozon–ichak, asab tizimi, teri va jigar kasalliklari, bolalarning aqliy, jismoniy va ruhiy rivojlanishining orqada qolishi, organizm immunitetining pasayishi va boshqa kasalliklar yuzaga kelishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring