13:22 / 15.04.2024
290

Hayotda pand bermaydigan 16 ta murakkab, ammo o‘ta muhim ko‘nikmalar

Hayotda pand bermaydigan 16 ta murakkab, ammo o‘ta muhim ko‘nikmalar
Foto: Mykaleidoscope
Hech qachon qadr-qimmatini yo‘qotmaydigan mazkur ko‘nikmalar o‘zlikni anglashga, insonlar bilan til topishishga hamda dunyo bilan garmoniyani his etishga yordam beradi.

Hamdardlik hissi
Empatiya — hozirgi kunda ko‘pchilik unutib qo‘ygan eng asosiy insoniylik tuyg‘ularidan biri. Boshqalarning dardi va muammolariga hamdard bo‘la olish hissi odamlar bilan ishlaydigan oddiy ishchini birinchi darajali mutaxassisga aylantiradi, xodimlarning bir jamoa bo‘lib mehnat qilishiga motivatsiya beradi va umumiy maqsadlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uyquga to‘yish
Kun rejimini to‘g‘ri tashkil qilish uyqu sifatini oshirishda muhimdir. Har kuni ma’lum kun tartibiga amal qilsangiz, qisqa muddatda uyquga ketish va uyg‘onishga yordam beradi.

Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va rejali ishlash
Barcha muhim ishlarga ulgurish, kunni mazmunli o‘tkazishda taym-menejment ko‘nikmasi kerak bo‘ladi. Buning uchun barchaga birdek mos keladigan muayyan rejim yo‘q. O‘zingizga qulay va to‘g‘ri keladigan tartibni tanlang va unga doimiy amal qilishga harakat qiling.

Yordam so‘rash
Yordamga muhtoj bo‘lib qolganingizni anglash va uni o‘zgalardan so‘rash ko‘pchilik uchun murakkab bo‘lishi mumkin, chunki hech kim o‘zini zaif ko‘rsatishni istamaydi. Biroq psixologlarning fikricha, yordam so‘rash orqali biz insonlarning bilim va tajribasiga bo‘lgan ishonchimizni ko‘rsatamiz, ularning mehrini qozonamiz.

Ichki pozitiv dialog
O‘zgalar biz haqimizda qanday fikrda ekanligi muhim emas. Asosiysi, inon o‘zligi bilan yaxshi muloqotda bo‘lishi, hurmat qilishidir. Atrofdagilar sizga ishonch bildirmaganda ham o‘zingizga bo‘lgan ishonchning so‘nmasligi kabi ko‘nikmani hosil qilish uchun uzoq vaqt talab etiladi. Shu sababli ichki “men”ingiz bilan pozitiv dialog qilish zarur.

Bugungi kundan zavq olish
Kamdan-kam holatda insonlar hozirgi daqiqani his etib yashaydi — barcha kelajak tashvishi yoki o‘tmish iztirobi bilan ovora. Bunday holat bizga to‘laqonli baxtni his etishimizga xalaqit beradi.

Izchillik bilan harakat qilish
Har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishda harakatlar izchilligi muhimdir. Insonlar ko‘pincha ma’lum pog‘onaga yetgach harakat qilishdan to‘xtab qoladi. Ammo yuqori darajani saqlab qolish uchun doimiy izlanish va mehnat qilish talab etiladi.

O‘zgalar ishiga aralashmaslik
Boshqalar ishiga burun suqish orqali ularga yordam bera olmaysiz, bekorga vaqt va kuch sarflaganingiz qoladi. Buni eslab qolish uchun esa ba’zan uzoq vaqt ketadi.

Suhbatdoshni tinglay olish
Ish vaqtida suhbatdoshingiz gaplarini turli chalg‘ituvchi omillar sababli doim ham to‘liq eshitishga ulgurmaysiz. Agar suhbatdoshingiz aytayotgan ma’lumotni xotirada yaxshi saqlab qolishni istasangiz, uning ba’zi iboralarini takrorlab qo‘ying.

Sukut saqlash
O‘z vaqtida tilni tiyish noxush vaziyatlarning oldini olishi mumkin. Jahl chiqqanda, yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaganda yoki hayajonlanganda sukut saqlash foydadan xoli emas.

G‘iybatdan yiroq bo‘lish
Ishonch — har qanday munosabatlarning asosi. G‘iybat va insonlar ortidan yomonlash har qanday ishonchga putur yetkazadi. G‘iybat qilayotganlar orasidamisiz, shunchaki ularni eshitmang yoki “Gapingizni bo‘lganim uchun uzr, lekin men bu haqda bilishni istamayman” deya g‘iybatga qarshi ekanligingizni bildiring.

O‘y-xayollarni boshqarish
Biror ishni bajarishda va natijaga erishishda fikr va xayolni ma’lum jarayonga yo‘naltira bilish lozim. Albatta, bunga o‘tmishdagi tajribamiz katta ta’sir ko‘rsatadi, biroq o‘tmish kelajakni belgilab bermasligi kerak.

Yangi tillarni o‘rganish
Til bilish nafaqat xorijdagi insonlar bilan muloqot qilishga yordam beradi, balki chet el manbalariga murojaat qilish, o‘zgacha fikrlash va hayotga boshqacha nazar bilan boqish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Omma oldida nutq so‘zlash
Aksariyat insonlar omma oldida so‘zlashga uyaladi, botina olmaydi, ularni chuqur hayajon egallaydi. Hatto taniqli tadbirkor Uorren Baffet ham omma oldida nutq so‘zlashga juda qiynalgan. U bunday qo‘rquvni yengish uchun ko‘proq mashq qilishni maslahat beradi.

Xolis bo‘lish
Insonlar bilan ochiqcha suhbat qurish qiyindek. Ba’zan ularni g‘azablantirsa ham muhim bo‘lgan haqiqatni ayta olish qobiliyati g‘amxo‘rlikning bir turi hisoblanadi.

O‘zingizga nisbatan xolis bo‘lish
Ko‘pincha xatoyimizni anglash va uni tan olish murakkab bo‘ladi. Shuni unutmangki, barcha insonlar xato qiladi. Asosiysi undan saboq olish va mazkur xatolikni boshqa takrorlamaslik lozim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hayotda pand bermaydigan 16 ta murakkab, ammo o‘ta muhim ko‘nikmalar