15:13 / 06.01.2025
129

Tadqiqot: ozish uchun qancha vaqt mashq qilish kerak?

Tadqiqot: ozish uchun qancha vaqt mashq qilish kerak?
Foto: independent.co.uk
Buyuk Britaniya olimlari eronlik hamkasblari bilan hamkorlikda katta tadqiqot oʻtkazdi. Natijada, aerobik mashqlar semizlikdan aziyat chekayotgan odamlarga yogʻ toʻqimasi va umuman tana vaznini sezilarli darajada kamaytirishda yordam berishi tasdiqlandi.

Tadqiqot koʻrsatishicha, haftasiga 150 daqiqa yoki undan koʻproq muntazam mashq qilish tana koʻrsatkichlarining klinik darajada yaxshilanishiga olib keladi.

Soʻnggi oʻn yilliklarda butun dunyo boʻylab semizlikdan aziyat chekayotgan odamlar soni uch barobarga oshgan. Bu esa sayyoramizdagi katta yoshli aholining yarmidan koʻprogʻida ortiqcha vazn yoki semizlik muammosini paydo qilgan. 2019 yildagi Global Burden of Disease tadqiqoti natijalariga koʻra, bu holat oʻlimga olib keladigan kasalliklar xavfini eng yuqori darajaga etkazgan. Shu sababli aerobik mashqlar allaqachon vazn nazoratining muhim tavsiyasiga aylangan boʻlib, haftasiga kamida 150 daqiqalik mashgʻulot asosiy me'yor sifatida qabul qilingan.

Tadqiqotchilar aerobik mashqlar davomiyligi bilan tana vaznining kamayishi, shuningdek, bel aylanasi va yogʻ toʻqimasi hajmining kamayishi oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliqlik mavjudligini aniqlash maqsadida meta-tahlil oʻtkazdi. Buning uchun ular 6 880 kishi ishtirokidagi 116 ta klinik sinov natijalarini tahlil qildi. Ishtirokchilarning oʻrtacha yoshi 46 da boʻlgan, ularning 61 foizi ayollar edi. Aerobik mashqlarni bajargan ishtirokchilar sakkiz hafta mobaynida kuzatuvda boʻlgan.

Natijalar shuni koʻrsatdiki, mashgʻulotlar vaqtini haftasiga bor-yoʻgʻi yarim soatga koʻpaytirish sezilarli yaxshilanishlarga erishish imkonini beradi. Bunda sinov ishtirokchilarining tana vazni oʻrtacha 0,52 kilogrammga, bel aylanasi 0,56 santimetrga, tanadagi yogʻ toʻqimasi miqdori esa 0,37 foizga kamaygan. Haftasiga 150 daqiqa davom etgan mashgʻulotlarda ushbu koʻrsatkichlar yanada yaxshilangan: tana vazni oʻrtacha 2,79 kilogrammga, bel aylanasi 3,26 santimetrga va yogʻ massasi 2,08 foizga kamaydi.

Eng samarali natija esa yuklamani ikki barobarga oshirib, haftasiga 300 daqiqa mashq qilinganda kuzatildi. Bunda tana vazni 4,19 kilogrammga, bel aylanasi 4,12 santimetrga kamaydi, yogʻ miqdori 1,78 foizga pasaydi.

Shunday qilib, tadqiqot natijalari haftasiga oʻrtacha yoki faollik bilan 150 daqiqa aerobik mashqlar bajarish sezilarli natijalar berishi haqidagi avvalgi tavsiyalarni tasdiqlaydi. Qolaversa, tadqiqot mashgʻulotlar davomiyligini oshirish yanada samarali natijalarga olib kelishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Ushbu ma'lumotlar ortiqcha vazn va semizlikka qarshi kurashish boʻyicha mavjud tavsiyalarni qayta koʻrib chiqish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asos boʻlishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun