
To‘g‘ri ovqatlanish hayot sifatini yaxshilaydigan muhim omillardan biri hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, haftasiga ikki marta baliq go‘shti iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, yurak xastaliklari, depressiya, diabet va boshqa ko‘plab kasalliklarning oldini olishda baliq muhim rol o‘ynaydi.
Yurakni muhofaza qiladi
Baliqda omega-3 yog‘ kislotalari miqdori yuqori bo‘lib, ular yurak mushaklarini mustahkamlaydi. Muntazam ravishda baliq iste’mol qilgan kishilarda infarkt va insult xavfi ancha kamayadi. Haftasiga 2 porsiya baliq yeb yurish o‘lim ehtimolini 3 martadan 1 martagacha kamaytirishi mumkin.
Qon bosimi va xolesterinni me’yorlashtiradi
Baliq inson organizmidagi zararli xolesterinni kamaytiradi va yaxshi xolesterinni oshiradi. Shu bilan birga, qon tomirlarini tozalaydi va qon bosimini barqaror holga keltiradi. Bu esa insult va gipertoniya kabi kasalliklarning oldini oladi.
Depressiya va stressga qarshi kurashadi
Omega-3 kislotalari miya faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda inson o‘zida ruhiy barqarorlikni his qiladi. Mutaxassislar fikricha, baliqni muntazam iste’mol qilganlarda depressiya xavfi bir necha barobar kamayadi.
Ko‘z va miya salomatligi uchun ajoyib manba
Baliqdagi foydali moddalar, ayniqsa DHA moddasi, ko‘z uchun foydali hisoblanadi. Yosh o‘tishi bilan bog‘liq ko‘rish qobiliyatining susayishiga qarshi kurashishda baliq muhim ozuqa hisoblanadi. Shuningdek, bolalarda miya rivojlanishi uchun ham baliq juda foydali.
Astma va yallig‘lanishga qarshi
Baliq yallig‘lanish jarayonlarini pasaytiradi. Astma kasaliga moyil bolalarda baliq iste’moli bu kasallikning rivojlanishini to‘xtatishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, artrit kabi yallig‘lanishli kasalliklarda ham baliq yeb turish samarali hisoblanadi.
Diabet va metabolizm muammolariga qarshi
Baliq qondagi qand miqdorini me’yorlashtirishga yordam beradi. Shu bois, diabetga moyil bo‘lgan yoki metabolik sindrom tashxisi qo‘yilgan insonlar uchun baliq juda foydali. U ovqat hazm qilish tizimini ham barqaror holda ushlab turadi.
Xulosa o‘rnida:
Sog‘lom turmush tarzi uchun haftasiga kamida ikki marta baliq yeyish tavsiya etiladi. U nafaqat hayotni uzaytiradi, balki kundalik faoliyatingizni samarali va faol qiladi. Agar hali baliqni muntazam ratsionga kiritmagan bo‘lsangiz — aynan hozirdan boshlashning ayni vaqti! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar