21:29 / 20.12.2016
13 257

Siz yaxshi ota-onamisiz? Test orqali tekshirib ko‘ring!

Siz yaxshi ota-onamisiz? Test orqali tekshirib ko‘ring!

Ota va ona bo‘lish kabi buyuk baxtga sazovor bo‘lish boshqa, bu nomni oqlash hamda farzandiga munosib tarbiya berib ulg‘aytirish boshqa masala sanaladi. Keling, quyidagi test yordamida o‘zimizning qanday ota-ona ekanimizni tekshirib olamiz! Savollarga «HA», «YO‘Q», «BILMADIM» deya javob berish lozim.
  1. Farzandingizni ayrim hatti-harakatlari, qiliqlari asabingizni «egovlab», «portlatib» yuborishi mumkin. Biroq ozgina vaqt o‘tib o‘zingizni ushlab turolmaganingizdan afsuslanasiz.
  2. Ba’zan farzandingiz hulqidagi o‘zgarishlarga qanday javob qaytarishni bilmay, atrofingizdagi insonlarning maslahatiga quloq tutishni ma’qul bilasiz.
  3. Bola tarbiyasi borasidagi eng yaxshi maslahatchilaringiz — bu tajriba hamda ichki ovozingizdir.
  4. Farzandingizga hammadan ko‘ra ko‘proq ishonasiz. Ayrim vaqtlarda hech kim bilan bo‘lishmagan sirlaringizni unga oshkor qilgansiz.
  5. Boshqa odamlarning farzandingiz haqidagi salbiy fikri, shubhasiz, qalbingizga ozor etkazadi.
  6. Bolangizni ko‘ngliga ozor bersangiz, undan kechirim so‘rash kerak deb hisoblaysiz.
  7. Sizning fikringizcha, bola o‘z ota-onasidan hech nimani yashirmasligi va shaxsiy siri bo‘lmasligi lozim.
  8. Farzandingiz va o‘z fe’l-atvoringizdagi farqliklarni ko‘p bora ilg‘agansiz. Ba’zan ular sizni hayratlantirsa, ba’zan esa quvontiradi.
  9. Bolangiz hayotidagi nohushlik yoki omadsizlik uchun ich-etingizni «eb tashlaysiz», qayg‘uga berilasiz.
  10. Moliyaviy imkoniyatlaringiz etarlicha bo‘lsada, farzandingizga qiziqarli va chiroyli o‘yinchoq sotib olishdan o‘zingizni tiya olasiz. Chunki uyda o‘yinchoqlar etarlicha bor.
  11. Bolaga qattiqqo‘llik bilan berilgan tarbiyaning natijasi ijobiy deb hisoblaysiz. Ma’lum yoshiga qadar jismoniy jazo berishni ham ma’qullaysiz va o‘z tajribangizda ham sinab ko‘rgansiz.
  12. Farzandingiz sizning barcha e’timodingiz va umidingizni oqlagan, bundan keyin ham oqlashiga ishonchingiz komil.
  13. Bolangiz xursandchilikdan ko‘ra, sizning qayg‘urishingizga ko‘proq sabab bo‘ladi.
  14. Ba’zan farzandingiz sizni o‘zgartirgani va qayta tarbiyalagani rost ekanligini tan olasiz.
  15. O‘z farzandingiz bilan kelisholmay halaksiz.

Natijalarni hisoblaymiz!

2, 4, 6, 8, 10, 12, 14 – raqam ostida berilgan savollarga «HA» javobini bergan bo‘lsangiz, har biriga 10 balldan olasiz.

1, 3, 5, 7, 9, 11, 13, 15 – raqam ostida berilgan savollarga «YO‘Q» javobini bergan bo‘lsangiz, har biriga 10 balldan olasiz.

«BILMADIM» deb berilgan ham bir javob uchun 0 ball beriladi.

100 dan 150 ballgacha. Farzandingizni har qanday vaziyatda ham tushunasiz hamda qo‘llab-quvvatlaysiz. Bolaning shaxsiy fikri bo‘lishi tarafdorisiz va u bilan hisoblashish shart, deb bilasiz. O‘rtangizdagi ishonchga hech narsa rahna solmasligi uchun farzandingiz bilan birgalikda harakat qilasiz va ana shu ishonch tufayli unga erkinlik bergansiz. Biroq bola bu mustaqillikni suiste’mol qilmasligini ham nazorat qilib turish lozim. Umuman olganda, sizning tarbiya uslubingizdan o‘rnak olsa arziydi.

50 dan 99 ballgacha. Siz to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqdasiz. Asosiysi, farzandingiz bilan o‘rtangizda yuz berayotgan muammolar va qiyinchiliklarni bartaraf eta olasiz. Va bu ishni avvlo o‘zingizdan boshlaysiz. Faqat «bolamga vaqt ajrata olmayapman» yoki «bolam juda qaysar bo‘lib o‘syapti» kabi bahonalarni chetlab o‘ting. Hayotda shunday masalalar borki, ularga befarq qarab bo‘lmaydi. Farzandlaringizni qarashlarini qabul qilolmasangizda, uni tushunishga urinish lozim.

0 balldan 49 ballgacha. Sizdan ko‘ra, farzandingizga ko‘proq achinish hissi uyg‘onadi. Bu xuddiki niholni parvarishlashni uquvsiz bog‘bonga topshirgandek gap. Har bir bola mehribon ota-ona, chin do‘st va hayotning o‘nqir-cho‘nqirlarini bosib o‘tishda suyanchiq, dalda bo‘ladigan tajribali insonga muhtojlik sezadi. Bu vazifalarning barchasi esa ota-onaning zimmasiga yuklanadi. Ishoning, hali barchasini to‘g‘irlash imkoni bor. Biroq buni siz chin dildan istashingiz lozim. Maslahatimiz, farzandingiz bilan til topishishda yordam bera oladigan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan biror insondan maslahat oling.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Siz yaxshi ota-onamisiz? Test orqali tekshirib ko‘ring!