Germaniya o‘zbekistonlik hamshiralarga 2500 yevrolik ish taklif qilmoqda

O‘zbekiston fuqarolari uchun Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash imkoniyati yaratilmoqda. Migratsiya agentligi Globogate dasturi orqali o‘rta tibbiyot xodimlarini Germaniya klinikalariga ishga taklif qilmoqda. Dastur doirasida nomzodlarga nafaqat ish o‘rni, balki nemis tilini bepul o‘rganish va xorijga chiqish bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni qoplash imkoniyati ham taqdim etiladi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ishga qabul qilingan hamshiralarga dastlab oyiga 1900 yevro (taxminan 25 million so‘m) maosh to‘lanadi. Kasbiy malakasi Germaniyada rasman tan olinganidan keyin esa oylik ish haqi 2500 yevro (taxminan 32,9 million so‘m)gacha oshiriladi.
Nomzodlar uchun qanday talablar belgilangan?
Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan talabgorlar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
20 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lish;
uch yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega bo‘lish;
kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish;
sudlanmagan va sog‘lom bo‘lish.
Dasturning yana bir muhim jihati shundaki, ishtirokchilar uchun 10 oylik nemis tili kursi bepul tashkil etiladi. O‘qish davomida ularga stipendiya va turar joy ham ajratiladi. Bundan tashqari, nemis tilini B2 darajasida bilishni tasdiqlovchi sertifikatni olish xarajatlari ham qoplab beriladi.
Shuningdek, Germaniyaga borish uchun zarur bo‘lgan viza, aviachipta va hujjatlarni tarjima qilish xarajatlari ham dastur doirasida to‘lab berilishi belgilangan.
Ishga joylashish uchun arizalar xorijdaish.uz platformasi orqali qabul qilinadi. Dastur bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot va tushuntirishlarni 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin.
Germaniyada hamshiralar uchun boshqa vakansiyalar ham e’lon qilingan
Eslatib o‘tamiz, 18 noyabr kuni Germaniyaning Bildung & Beruf GmbH kompaniyasi ham o‘zbekistonlik hamshiralar uchun 24 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Ushbu vakansiyalarda oylik ish haqi soliqlar chegirilganidan keyin 1850–2050 yevroni tashkil etishi ma’lum qilingan.
Shu tariqa, Germaniyada ishlash istagidagi o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari uchun bir nechta ishga joylashish imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, nemis tilini o‘rganish, turar joy va hujjatlashtirish xarajatlarining qoplanishi nomzodlar uchun muhim imkoniyatlardan biri hisoblanadi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…