Estoniya o‘rmonida ertaklardagi kabi haqiqiy yakkashox topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Estoniyaning Saaremaa orolida Lutreola Foundation tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan yashirin kamera peshonasining o‘rtasida bitta shoxsimon o‘simtasi bo‘lgan g‘ayrioddiy kiyikni tasvirga oldi.
- Germaniya Tabiatni muhofaza qilish ittifoqi eksperti Yulian Hayermann mazkur holatni shox o‘sadigan asosning shikastlanishi yoki noto‘g‘ri shakllanishi natijasida yuzaga kelgan tabiiy hodisa deb tushuntirdi.
Estoniyaning Saaremaa orolida tabiat himoyachilari ertaklardagi yakkashoxni eslatuvchi g‘ayrioddiy kiyikni kameraga muhrladi. Yovvoyi hayvonlarni kuzatish uchun o‘rnatilgan yashirin kamerada peshonasining qoq o‘rtasida bitta shoxsimon o‘simtasi bo‘lgan kichik kiyik paydo bo‘ldi. Noodatiy manzara ko‘pchilikning qiziqishini uyg‘otdi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Qizig‘i, Lutreola Foundation tabiatni muhofaza qilish tashkiloti xodimlari kamerani bu kiyik uchun emas, balki yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan Yevropa norkasini kuzatish maqsadida o‘rnatgan edi. Biroq tasvirlarda kutilmaganda boshqa bir jonivor — g‘ayrioddiy shoxli kiyik paydo bo‘ldi.
Avvaliga u chanqog‘ini qondirdi. Keyin esa atrofga qiziqish bilan nazar tashlab, kamera obyektiga yaqinlashdi. Aynan shu paytda uning peshonasi o‘rtasida joylashgan bitta shoxsimon o‘simta yaqqol ko‘rindi.
Bu manzara xuddi ertaklardagi yakkashox o‘rmon bo‘ylab sayr qilib yurgandek taassurot uyg‘otdi. Tabiat himoyachilari ham noodatiy topilmaga hazilomuz munosabat bildirib, Facebook sahifasida quyidagi izohni qoldirdi:
«Saaremaada yakkashox topildi! Kichkina qizaloqlarning orzulari nihoyat ushaldi!»
Kiyik peshonasidagi bitta shox qanday paydo bo‘lgan?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu g‘aroyib jonivor aslida Yevropa kiyigining (Capreolus capreolus) erkagi hisoblanadi. Germaniya Tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (NABU) eksperti Yulian Hayermann Bild nashriga bergan izohida mazkur holatning tabiiy sabablarini tushuntirgan.
Odatda bunday erkak kiyiklarda ikkita shox rivojlanadi. Biroq ayrim kamyob holatlarda shoxlarning o‘sishi va shakllanishida o‘zgarishlar yuz berishi mumkin.
«Agar shox o‘sadigan asosiy qism shikastlangan yoki noto‘g‘ri shakllangan bo‘lsa, faqat bitta shox rivojlanishi mumkin», — deb izohlagan mutaxassis.
Qizig‘i, peshonasida faqat bitta shox bo‘lishi kiyikning kundalik hayotiga jiddiy to‘siq tug‘dirmaydi. U ham o‘rmondagi boshqa turdoshlari kabi doimiy ravishda ozuqa izlaydi. Asosan daraxt barglari, kurtaklar, yosh novdalar, o‘t-o‘lanlar va boshoqli o‘simliklar bilan oziqlanadi.
Biroq boshqa erkak kiyiklar bilan raqobatga kirishganda uning g‘ayrioddiy shoxi noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Ekspertning fikricha, ikkita shoxli boshqa erkak kiyiklar bilan hudud yoki juft tanlash uchun bo‘ladigan to‘qnashuvlarda u ustunlikka ega bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.
Bunday kiyiklar avval ham uchraganmi?
Zoologik nuqtayi nazardan, bir shoxli kiyikning paydo bo‘lishi juda kam uchraydigan, ammo ilgari ham qayd etilgan tabiiy hodisa hisoblanadi. Bu haqda yovvoyi hayvonlar bo‘yicha berlinlik ekspert Derk Elert Bild nashri so‘roviga javoban ma’lum qilgan.
Xususan, 2008 yilda Italiyaning Toskana hududidagi tabiat bog‘ida yashovchi bir shoxli erkak kiyik ham xalqaro ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortgan edi. O‘sha vaqtda hayvonning g‘ayrioddiy ko‘rinishiga genetik rivojlanishdagi nuqson sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.
Yulian Hayermann ham bunday holatlar butunlay istisno emasligini, biroq juda kam kuzatilishini ta’kidlagan. Shu kabi shoxlarning g‘ayrioddiy rivojlanishi faqat kiyiklarda emas, balki bug‘ular va boshqa shoxli hayvonlarda ham uchrashi mumkin.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…