100 ta otni o‘g‘irlashda ayblangan otaxon sudda oqlandi

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 100 ta otni o‘g‘irlashda ayblanib 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan 60 yoshli otboqar Rahat Sarsenov apellyatsiya sudi tomonidan oqlandi. Ishni qayta ko‘rish davomida xo‘jalikdan 100 ta emas, aslida faqat bitta ot yo‘qolgani aniqlangach, avvalgi sud hukmi bekor qilindi. II guruh nogironi bo‘lgan erkak sud zalining o‘zida ozodlikka chiqarildi.
Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 60 yoshli otboqar Rahat Sarsenovga nisbatan chiqarilgan hukm apellyatsiya sudi tomonidan bekor qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, erkak sud zalining o‘zida ozodlikka chiqarilgan.
Sarsenov avvalroq xo‘jalik egasining arizasi asosida 100 ta otni o‘g‘irlashda ayblanib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Bundan tashqari, unga 30 million tenge miqdoridagi zararni qoplash majburiyati ham yuklatilgan.
Biroq ish apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilgach, yangi dalillar o‘rganilgan. Natijada xo‘jalikdan aslida 100 ta emas, faqat bitta ot yo‘qolgani aniqlangan. Shu asosda avvalgi sud hukmi bekor qilinib, Sarsenov oqlangan.
Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, Sarsenov 1994 yildan buyon bir xo‘jalikda otboqar bo‘lib ishlab kelgan. U insultni boshdan kechirgach, II guruh nogironligiga ega bo‘lgan, qo‘l-oyoqlarining harakati cheklangan va gapirishda ham qiyinchiliklarga duch kelgan.
Uning opasi Altinay Sarsenovaning ta’kidlashicha, ukasi og‘ir ahvolda bo‘lgan paytda uning ustidan ariza yozilgan. Sog‘lig‘i yomonligi va qo‘rquv sabab ayrim hujjatlarga nima yozilganini to‘liq anglamasdan imzo qo‘ygan. Oila vakillari, shuningdek, ularning uyi garovga qo‘yilganini ham keyinchalik bilib qolganini aytgan.
Sud majlisida Rahat Sarsenov his-tuyg‘ularini tiyib turolmagan. Gapirishda qiynalgani sabab o‘z fikrlarini to‘liq bayon eta olmagan erkak ko‘z yoshlarini yashira olmagan. Uning II guruh nogironi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i esa eri nohaq jazolanganini ta’kidlagan.
Apellyatsiya sudining qaroridan so‘ng Sarsenov bir necha yil davomida o‘z zimmasida bo‘lgan og‘ir ayblovdan ozod etildi.






























Izohlar 0
…