Internetda yangi trend: bolalarning xira selfilari ommalashmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi paytlarda mukammal kadrlar o‘rniga tasodifan olingan, xira va biroz kulgili suratlarni ulashish tendensiyasi kuchaymoqda. Ayniqsa, bolalarning tabiiy va rejasiz tushirilgan selfilari foydalanuvchilar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Trendning tarqalishiga Saudiya Arabistonidagi "sahaba_abaya" brend sahifasida yuz bergan noodatiy holat sabab bo‘lgani aytilmoqda. Brend sahifasiga bolaning xiralashgan selfisi tasodifan joylashtirilgan. Kutilmaganda surat o‘chirib tashlanmay, foydalanuvchilar e’tiborini tortgan va uning tarqalishi ortidan boshqa sahifalar ham shu uslubdagi kontentga murojaat qila boshlagan.

Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda aynan tabiiylik va mukammal bo‘lmagan kadrlar alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Ayrim brendlar reklama postlarida professional suratga olish o‘rniga oddiy, tasodifiy va samimiy lavhalardan foydalanmoqda. Bu yondashuv auditoriyaga kontentni yanada real va yaqin ko‘rsatishi bilan izohlanmoqda.
Mutaxassislar ham ijtimoiy tarmoqlarda “mukammal” ko‘rinishga intilishdan charchash fonida tabiiy suratlar va filtrsiz kontentga qiziqish ortayotganini qayd etadi.
Shu sababli avval sifatsiz yoki tasodifan tushirilgan deb baholangan suratlar endi aksincha, samimiylik va tabiiylik ramziga aylanmoqda. Bolalar ishtirokidagi bunday kontent esa internet foydalanuvchilarida alohida qiziqish uyg‘otmoqda.































Izohlar 0
…