Talabalar yotoqxona uchun bugundan ariza topshirishi mumkin

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar talabalar turar joyiga joylashish uchun 1 avgustdan boshlab ariza topshirishi mumkin. Mazkur jarayon Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida amalga oshiriladi hamda arizalar my.gov.uz portali orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
1 avgustdan boshlab oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar yotoqxonaga joylashish bo‘yicha arizalarni my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuborishi mumkin. Mazkur jarayon Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida amalga oshiriladi.
Dastlab talabalar turar joylariga joylashtirishda tegishli imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar hisobga olinadi. Shundan keyin mavjud bo‘sh o‘rinlar qolgan talabalar o‘rtasida kurslar kesimida taqsimlanadi.
Unga ko‘ra:
1-bosqich talabalari uchun — 55–65 foiz;
2-bosqich talabalari uchun — 15–20 foiz;
3-bosqich va undan yuqori kurslar uchun — 20–25 foizgacha bo‘lgan o‘rinlar ajratiladi.
Arizalarni qabul qilish 1 avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar ham yakuniy natijalar e’lon qilinganidan so‘ng yotoqxonaga joylashish uchun ariza yuborishi mumkin.






























Izohlar 0
…