Nega chaqaloq kam uxlaydi? Mutaxassis asosiy sabablarni tushuntirdi

Neonatolog Malika Usmonovaning tushuntirishicha, chaqaloqlarda uyquning me’yordan kam bo‘lishi ayrim holatlarda markaziy asab tizimi bilan bog‘liq muammolarning belgisi bo‘lishi mumkin. Odatda yangi tug‘ilgan chaqaloq bir sutka davomida 18 soatgacha uxlashi kerak bo‘lib, agar bu ko‘rsatkich 14 soatdan kam bo‘lsa, uyqu buzilishi deb baholanadi.
Chaqaloqlarning me’yordan kam uxlashi ko‘plab ota-onalarni xavotirga soladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayrim holatlarda bu oddiy holat bo‘lsa, ba’zi vaziyatlarda esa markaziy asab tizimi bilan bog‘liq muammolarning belgisi bo‘lishi mumkin. Neonatolog Malika Usmonovaning ma’lum qilishicha, uyquning me’yordan kam bo‘lishi, asosan, markaziy asab tizimining perinatal zararlanishi kuzatilgan chaqaloqlarda uchraydi.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, homiladorlikning so‘nggi oylari yoki tug‘uruq jarayonida ona salomatligi bilan bog‘liq asoratlar yuzaga kelgan bo‘lsa, bu bolaning keyingi rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, chaqaloq asfiksiya (nafas olish faoliyatining o‘tkir buzilishi oqibatida qon va to‘qimalarda kislorod yetishmasligi), gipoksiya (qonda va to‘qimalarda kislorod miqdorining me’yordan kamayishi) yoki infeksiya bilan dunyoga kelgan hollarda tug‘uruqxonadan chiqqandan keyin uyqu buzilishi holatlari kuzatilishi ehtimoli yuqori.
Mutaxassis ta’kidlashicha, odatda yangi tug‘ilgan chaqaloq bir sutka davomida 18 soatgacha uxlaydi. Agar uning uyqusi 14–16 soat atrofida bo‘lsa, bu ham fiziologik me’yor hisoblanadi. Biroq sutkalik uyqu 14 soatdan kam bo‘lsa, bu uyqu buzilishi sifatida baholanishi mumkin.
Yosh o‘sishi bilan bolaning uyqu rejimi ham o‘zgaradi. Masalan, 5–9 oylik chaqaloqlar o‘rtacha 15–16 soat, 10 oylikdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa 12–13 soat uxlaydi. Vaqt o‘tgan sari kunduzgi uyqu qisqarib, asosiy dam olish vaqti tungi uyquga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, shifokorlar uyquning chaqaloq rivojlanishidagi ahamiyati juda katta ekanini eslatadi. Chunki uyqu paytida go‘dak organizmiga somatotropin gormonining qariyb 90 foizi ajralib chiqadi. Aynan ushbu gormon bolaning jismoniy o‘sishi, sog‘lom rivojlanishi va organizmning to‘g‘ri shakllanishida muhim o‘rin tutadi.






























Izohlar 0
…