Avstraliyada 150 yil avval olingan kitob yana kutubxonaga qaytdi

Avstraliyada qariyb 150 yil avval o'qish uchun olingan «Afina qadimiy buyumlari» nomli kitob kutilmaganda shahar kutubxonasiga qaytarildi. Nashrni bir erkak uyini ta'mirlash vaqtida topib olgan va uning tarixiy ahamiyatini inobatga olib topshirgan. Kutubxona rahbari Mishel Xadsonning so'zlariga ko'ra, agar kechiktirilganlik uchun jarima hisoblanganida, uning miqdori taxminan 28 ming Avstraliya dollarini tashkil qilgan bo'lar edi.
Avstraliyada qariyb 150 yil avval o‘qish uchun olingan kitob kutilmaganda kutubxonaga qaytarildi. Noodatiy voqea nafaqat kutubxona xodimlari, balki mahalliy aholida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1858 yilda nashr etilgan «Afina qadimiy buyumlari» nomli kitobni bir erkak uyini ta’mirlash ishlarini olib borayotgan vaqtda topib olgan. U kitobning tarixiy ahamiyatini inobatga olib, uni Avstraliyaning Kiama dengiz bo‘yida joylashgan shahar kutubxonasiga topshirgan.
Kutubxona rahbari Mishel Xadsonning ta’kidlashicha, muassasa tarixida bunchalik uzoq vaqtdan keyin qaytarilgan kitob hali uchramagan.
«Bizga hali hech qachon shunchalik eski kitob qaytarilmagan edi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kitobni kechiktirib topshirganlik uchun jarima hisoblanganida, uning miqdori taxminan 28 ming Avstraliya dollarini tashkil qilgan bo‘lar edi. Bu summa kitob muqovasining ichki qismida ko‘rsatilgan eski tarif — har hafta uchun 3 pens asosida hisoblangan.
Mutaxassislar kitobni kim olganini aniqlay olmadi. Chunki 1870 yillarga oid kitob berish jurnallari saqlanib qolmagan. Kutubxona xodimlari nashr 1872 yilda, kutubxona faoliyati boshlanganidan ko‘p o‘tmay olib ketilgan va qayta qaytarilmagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
O‘sha davr qoidalariga ko‘ra, mast holatdagi shaxslarga kitob berilmagan. Shuningdek, har bir oila olishi mumkin bo‘lgan kitoblar soni oiladagi savodli a’zolar soniga qarab belgilangan. Har ikki nafar savodli kishi uchun bittadan kitob olishga ruxsat berilgan.
Bir necha o‘n yillar davomida saqlangan kitobning sahifalari namlik ta’sirida zararlangan. Shu sababli u endi kitobxonlarga o‘qish uchun berilmaydi.
«Uning qaytarilishini yana 150 yil kutishni istamaymiz», — deya hazil qildi kutubxona rahbari.
Ma’lum qilinishicha, mazkur noyob kitob kelgusida mahalliy tarixiy kolleksiya tarkibiga qo‘shilib, madaniy meros sifatida saqlanadi.






























Izohlar 0
…