Nega ayollar erkaklardan kam maosh oladi? BMT javob berdi

BMTning yangi hisobotiga ko'ra, ayollar o'rtacha hisobda erkaklarga nisbatan 23 foizga kam maosh oladi. 2025 yilda ayollarning atigi 48 foizi rasmiy mehnat bozorida ishtirok etgan bo'lsa, erkaklarda bu ko'rsatkich 73 foizni tashkil qilgan, rahbarlik lavozimlarining esa 31 foizdan sal ko'prog'i ayollar hissasiga to'g'ri kelgan.
Dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘ini ayollar tashkil etsa-da, mehnat bozorida ular hanuz erkaklarga nisbatan sezilarli darajada kam daromad olmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, ayollar o‘rtacha hisobda erkaklarga nisbatan 23 foizga kam maosh oladi. Shu bilan birga, rahbarlik lavozimlarining atigi 31 foizdan sal ko‘prog‘i ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda ayollarning atigi 48 foizi rasmiy mehnat bozorida ishtirok etgan. Erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich 73 foizni tashkil qilgan. Bu raqamlar mehnat bozorida gender tafovuti hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, hisobotda haq to‘lanmaydigan parvarish ishlari va uy yumushlarining to‘rtdan uch qismidan ortig‘i hamon ayollar zimmasiga to‘g‘ri kelishi qayd etilgan. Mutaxassislar fikricha, aynan shu omillar ham ayollarning mehnat bozorida faol ishtirok etishi va yuqori lavozimlarga ko‘tarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayollar boshqaruv lavozimlarining qariyb 38 foizini, rahbarlik lavozimlarining esa 31 foizdan sal ko‘prog‘ini egallab turibdi. Iqtisodiyot, texnologiya va innovatsiyalar kabi strategik ahamiyatga ega sohalarda esa bu ko‘rsatkich yanada past bo‘lib qolmoqda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi vakili Peggi Xiksning ta’kidlashicha, ayollar uchun yetakchilik sari yo‘l barcha uchun bir xil emas.
«Ba’zi ayollar uchun yetakchilik pog‘onasi tik. Boshqalar uchun esa u buzilgan. Ko‘pchilik uchun esa u umuman mavjud emas», — deydi u.
Hisobotda ta’kidlanishicha, ayollar ishga qabul qilish jarayonidagi tengsizlik, gender stereotiplari, ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik, shuningdek, haq to‘lanmaydigan uy ishlarining katta qismi ular zimmasida ekani sababli kasbiy o‘sishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda.
Shunga qaramasdan, ayrim mamlakatlarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Masalan, Marokashda ayollarni rahbarlikka tayyorlash dasturlari samarasida vazirliklardagi ayol rahbarlar ulushi qariyb 35 foizga yetgan. Tanzaniyada esa uy xizmatchilarining mehnat huquqlarini himoya qilish va ularning ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
BMT mutaxassislari ta’kidlashicha, ayollarning qaror qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etishi nafaqat gender tengligini ta’minlash, balki iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.






























Izohlar 0
…