TV Time asoschisi sevimli ilovani tiklash uchun Bingers’ni taqdim etdi

TV Time asoschilaridan biri Antonio Pinto platforma yopilgach, uning asosiy imkoniyatlarini tiklashga qaratilgan Bingers ilovasini yaratdi. Bingers filmlar va seriallarni kuzatish, yangi kontentlarni kashf etish hamda muxlislar uchun ijtimoiy muhitni taklif qiladi, shuningdek TV Time arxividagi ma'lumotlarni import qilish imkonini beradi.
Mashhur TV Time ilovasining yopilishidan soʻng uning oʻrnini toʻldirish hamda muxlislarga tanish qulayliklarni qaytarish maqsadida Bingers deb nomlangan yangi serial va filmlarni kuzatib borish ilovasi yaratildi. Ushbu yangi loyiha TV Time asoschilaridan biri Antonio Pinto tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, u asl platformaning eng yaxshi xususiyatlarini qayta tiklashga kirishganini maʼlum qildi. Ilovaning taqdim etilishi raqamli kontent ixlosmandlari orasida katta qiziqish uygʻotdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
TV Timeʼning kutilmagan yopilishi va muxlislar noroziligi
TechCrunch nashri maʼlumotiga koʻra, TV Time ilovasining egasi boʻlgan Whip Media kompaniyasi oʻz saʼy-harakatlarini sunʼiy intellekt yoʻnalishiga qaratish maqsadida mazkur mahsulotni yopishga qaror qilgan edi. Bu qaror sodiq foydalanuvchilar bazasini qattiq ajablantirdi va hafsalasini pir qildi. Ilova yopilgan vaqtda uning oʻrnatilishlar soni 26,4 milliondan oshgan boʻlib, bu toifadagi dastur uchun yaxshi koʻrsatkich hisoblanardi.Yopilish xabaridan gʻazablangan 28 mingdan ortiq foydalanuvchi Whip Media kompaniyasiga petitsiya imzolab, moliyaviy yordam, jamoaviy mablagʻ yigʻish (kraudfanding) yoki obunalar orqali TV Time’ni saqlab qolishni iltimos qilgan edi. Biroq kompaniya oʻz rejasidan qaytmadi va ilova oxir-oqibat belgilangan muddatda doʻkonlardan olib tashlandi. Shundan soʻng Antonio Pinto muxlislar talabini qondirish uchun yangi muqobil yaratishga qaror qildi.
Bingers ilovasining asosiy imkoniyatlari
Boshqa shunga oʻxshash trekerlardan farqli oʻlaroq, TV Time shunchaki koʻrilgan filmlarni belgilab borish bilan cheklanib qolmasdan, foydalanuvchilarga oʻzlarining sevimli qismlari muhokama qilinadigan forum taqdim etgani bilan ajralib turardi. Ushbu ijtimoiy muhit muxlislarga oʻz nazariyalarini qoldirish, memlar yaratish va boshqa tomoshabinlar bilan aloqa oʻrnatish imkonini bergan edi.Antonio Pintoning soʻzlariga koʻra, Bingers aynan shu noyob ijtimoiy muhitni qayta tiklashni maqsad qilgan. Yangi ilova uchta asosiy qismdan iborat:
- koʻrilgan yoki koʻrish rejalashtirilgan filmlar va seriallarni kuzatish vositasi;
- yangi kontentlarni kashf etish imkoniyati;
- muxlislar uchun maxsus ijtimoiy tarmoq muhiti.
Moliyaviy barqarorlik va kelajakdagi rejalar
TV Time’ning yopilishiga sabab boʻlgan moliyaviy xarajatlar muammosini hal qilish uchun Bingers boshqacha yondashuvni tanladi. Antonio Pintoning taʼkidlashicha, yangi ilova foydalanuvchilarning kutubxonalarini bevosita ularning telefonlariga yuklashga moʻljallangan. Bu esa taqvim va kuzatuv roʻyxati kabi ogʻir jarayonlarni kompaniya serverlaridan foydalanuvchi qurilmalariga koʻchirish imkonini beradi.Dastlabki bosqichda Bingers server xarajatlarini qoplash uchun foydalanuvchilarning toʻgʻridan-toʻgʻri hissalariga tayanadi. Uzoq muddatli istiqbolda esa muallif muxlislarni real hayotda birlashtirishi mumkin boʻlgan yangi biznes-model ustida ham bosh qotirmoqda, biroq hozircha bu boradagi tafsilotlar oshkor etilmayapti.






























Izohlar 0
…