40 millionga 11 yoshli o‘g‘lini sotmoqchi bo‘lgan ayol jazolandi

Surxondaryo viloyatida 11 yoshli o‘g‘lini 40 million so‘mga sotishga uringan ayol 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U tanish ayol bilan kelishib, mablag‘ning 20 million so‘mini dastlab olishga rozi bo‘lgan va 2026 yil 4 aprel kuni Termiz shahridagi Yoshlar markazi yaqinida pulni qabul qilgan paytda ushlangan. Sud ayolni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topdi.
Surxondaryo viloyatida 11 yoshli o‘g‘lini moddiy qiyinchiliklar sabab 40 million so‘mga sotishga uringan ayolga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, u 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Daryo» sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Sud materiallarida qayd etilishicha, ayblanuvchi o‘ziga tanish ayol bilan 2014 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini 40 million so‘m evaziga berish bo‘yicha oldindan kelishuvga erishgan. Tomonlar mablag‘ning 20 million so‘mi dastlab to‘lanishi, qolgan qismi esa bola xaridor nomiga rasmiylashtirilganidan keyin berilishi haqida kelishib olgan.
Hujjatlarga ko‘ra, 2026 yil 4 aprel kuni Termiz shahridagi Yoshlar markazi yaqinida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Uchrashuvga ayol 2014 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini ham olib kelgan. Xaridor sifatida qatnashgan ayol avvaldan kelishilgan 20 million so‘mni bergan. Ayblanuvchi pulni qabul qilgan zahoti huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud majlisida ayol qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan. Uning aytishicha, uchrashuvga ketishidan avval o‘g‘liga: «O‘g‘lim, seni farzandlikka beryapman, sen yaxshi yashagin», deb aytgan. Ayblanuvchi jinoyatni iqtisodiy qiyinchiliklar, ko‘plab qarzlari borligi, yashash uchun doimiy uy-joyi mavjud emasligi hamda oilasi buzilgani sababli sodir etganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, o‘zi ta’minlay olmagan sharoitni farzandi boshqa oilada topishiga umid qilgan.
Sud materiallarida yana qayd etilishicha, bolani qabul qilishi kerak bo‘lgan ayol ushbu taklifning noqonuniy ekanini tushunib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari tomonidan tezkor tadbir rejalashtirilib, pul mablag‘lariga maxsus kimyoviy ishlov berilgan hamda uchrashuv to‘liq nazorat ostida o‘tkazilgan.
Sud ayblanuvchini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismi «b» bandi, ya’ni odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topdi. Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud qaroriga muvofiq, 2014 yilda tug‘ilgan bolaning keyingi vasiyligini belgilash masalasi tegishli mutasaddi davlat idoralari zimmasiga yuklatildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga muvofiq, odam savdosi jinoyati uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Agar ushbu jinoyat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, aybdorga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.






























Izohlar 0
…