00:30 / 26.06.2018
6 720

Munajjimlar bashorati: 26 iyun kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 26 iyun kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?
QO‘Y (21. 03 — 20. 04)
Bugun siz o‘zingizda mavjud bo‘lgan moliyaviy imkoniyatlarni mahkam tutgan holda harakatlar sodir etishingiz kerak. Ana shunda moddiy jihatdan inqirozga yuz tutmaysiz. Bilim olish, muhim hujjatlar bilan ishlash va ish yuzasidan foydali uchrashuvlar maroqli o‘tadi. Agar tijoratchi, tadbirkor bo‘lsangiz, kun davomida sizga ro‘baro‘ kelishi mumkin bo‘lgan shafqatsiz raqobatga tayyor turing. Kechqurun uxlashga yotishdan oldin albatta toza havoda sayr qiling.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)
26 iyun ertalabdanoq ishlaringiz baroridan kelishi kutiladi. Agar o‘z aybingiz bilan yo‘l-yo‘lakay to‘siqlarga duch kelmasangiz, kun bo‘yi omad sizdan yuz o‘girmaydi. Har bir rejalashtirilgan ishni ehtiyotkorlik, sergaklik bilan amalga oshiring. Tadbirkorlar kunning ikkinchi yarmida uzoq muddatga mo‘ljallangan foydali shartnomalarni imzolashlari mumkin. Agar tushdan keyin ish joyingizdagi rahbarlar sizni xizmat safariga jo‘natsa, bosh tortmang. Bu safar sizga birinchi navbatda moliyaviy naf keltiradi.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)
Kun davomida ko‘p gapirish o‘rniga ko‘proq harakatlar sodir eting. Bajarilishi muhim bo‘lgan ishlarni tezroq tugatishga harakat qiling. Shunda moliyaviy ahvolingiz kechqurunga borib albatta yaxshilanadi. Shaxsiy hayotda o‘zingizga haddan tashqari bino qo‘yishingiz sira kerak emas. Aks holda juftingiz yoki bo‘lg‘usi juftingizdan bu harakatingizga arzirli javob olishingiz hech gap emas. Qaysarliklarni buguncha hech kim ko‘rmaydigan, sezmaydigan joyga berkitib qo‘ying. Kechqurun ba’zi do‘stlarimizga serdaromad ish taklif etishlari mumkin.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)
26 iyunda azaldan kutgan va orzulagan ishlaringiz xudoning karami bilan oson bitadi. Demak, siz ertalabdanoq a’lo kayfiyatga ega bo‘lasiz. Yaqin kelajak haqida yangi rejalar tuzishni boshlasangiz ham yarashadi. Chunki aynan bugun tuzilgan rejalar, orzular, umidlar albatta haqiqatga aylanadi inshoolloh. Kunning ikkinchi yarmida sizdan qachonlardir qarz olgan odam qarzini qaytarishi mumkin. Bu moliyaviy ahvolingiz kechqurungacha bormay yaxshilanadi deganidir. Kechqurun toza havoda sayr qiling.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)
Bugun tavakkalchilikka asoslangan har qanday harakatlardan yuz buring. Ular sizga yaxshilik keltirmaydi. Aksincha, ixtiyoringizda boridan ham ayrilib qolishingiz hech gap emas. Har bir ishni yetti o‘lchab bir kesgan holda ado eting. Kun davomida hamkasblarning ayrimlari bilan orangizda qarama-qarshi fikrlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu ko‘proq yuqori lavozimli do‘stlarimizga taalluqli. Moliyaviy ahvolingizni yanada yaxshilash uchun qo‘shimcha daromad keltiruvchi ish toping.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
26 iyun kunning birinchi yarmida atrofingizdagi ba’zi kimsalar bilan janjalli vaziyatlar yuzaga kelishi kutiladi. Demak, siz nihoyatda bosiqlik bilan, depressiya holatiga tushmaydigan darajada so‘zlay bilishingiz tavsiya etiladi. Shaxsiy ishlar yuzasidan kun davomida yaqin masofaga safar qilishingiz mumkin. Ba’zilar tabiat qo‘ynida dam olish uchun yo‘lga chiqishlari ehtimolga yaqin bo‘lib turibdi. Ijodkorlar kechqurunga borib yangi yaratgan asarini ko‘ngli yaqin insonlarga ko‘rsatib, arzirli maqtovlar eshitishadi, olqishlarga sazovor bo‘lishadi.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)
Aqliy mehnat bilan shug‘ullanadiganlarning kuni tug‘adi. Bu ish sizga olqish-u, e’tibordan tashqari, moddiy naf ham olib keladi. Bajargan ishingizni o‘zgalarga ko‘z-ko‘z qilishdan tiyilmang. Chunki maqtovga arzigulik ishlarni bajarishingiz tayin. Muhabbatda o‘z manfaatlaringizni birinchi o‘ringa qo‘ygan holda harakatlar sodir eting. His-tuyg‘ular asiriga aylanib qolishdan saqlaning. Tuyg‘ular bugun sizga ko‘ngilsizlik keltirishi mumkin. Uxlashga yotishdan oldin qatiq ichib yotsangiz, tushlaringiz totli kechadi.

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)
26 iyun kuni shaxsiy hayotingizda quvonarli holatlar ko‘payishi kutiladi. Lekin moliyaviy masalada bugun bardoshliroq bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Xudoning kuni-da, bugun daromad sal orqaga keta boshlashi kuzatiladi. O‘zingizda bor imkoniyatlardan juda sergaklik bilan unumli foydalanishga harakat qiling. Muhabbatda xafagarchiliklar yuzaga kelmasligi uchun shaxsiy prinsiplaringizga suyangan holda ish tuting. Kechqurun taqdiri azalning o‘zi sizga quvonchli lahzalarni hadya etishi ehtimoldan xoli emas.

O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)
Osmono‘par orzular, rejalarga berilmang. Baribir taqdirda bori bo‘ladi. Xayolparastlikdan nari bo‘lgan holda real ishlarga qo‘l uring. Mayli, kechga qadar qora terga botib ishlang, afsus chekmaysiz. Bugun xudoyim sizni beraridan qismaydigan bo‘lib turibdi. Maxfiy rejalaringiz bo‘lsa, ularni eng yaqin insoningizga ham gullay ko‘rmang. Kechqurun yoshi o‘tgan qondoshlarning muammolarini hal qilib berishingiz kutiladi.

TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)
26 iyun ertalabdanoq miyangizga nihoyatda yorqin g‘oya kelishi mumkin. Bu g‘oya professional kasbingiz bilan bog‘liq bo‘lib, ishda, hamkasblar va rahbarlar qarshisida obro‘yingizni ikki pog‘ona yuqorilatib qo‘yishi kutilmoqda. G‘oyaning asosiy jihati shuki, u juda serdaromad. Salomatlikdan bugun kun davomida shikoyatingiz bo‘lmaydi. Havo issiq lahzalarda quyosh tig‘ida uzoq qolib ketmang, kasalga chalinishingiz ehtimoli bor. Sportning ekstremal turlari bilan shug‘ullanishdan tiyiling.

QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)
Hatto, ish joyingizdagi rahbarlar bilan jiddiy gaplashib olishga to‘g‘ri kelsa-da, prinsiplaringizdan voz kechmang. Chunki sizni tekshirib ko‘rish uchun atayin boshingizni aylantiruvchi turli mashmashalar o‘ylab topishlari ham mumkin. Muhabbatda muloyimroq, odamoxunroq bo‘ling. Shunda juftingiz yoki bo‘lg‘usi juftingiz bilan munosabatlaringizga putur yetmaydi. Kechqurun og‘ir hazm bo‘luvchi taomlar iste’molidan saqlaning.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)
26 iyun kuni ertalabdanoq kayfiyatingiz ham, ishlaringiz ham tobida bo‘ladi. Yangi tanishlar orttirasiz. Muhabbatda sovuqqonlikdan saqlaning. Kerak bo‘lsa, andishani ham bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, o‘z manfaatlaringiz yo‘lida olg‘a boring. Tashqi ko‘rinishingizga alohida e’tibor qarating. Kechqurun olisda yashaydigan qondoshlardan biri mehmon bo‘lib kelishi mumkin. Baribir kechki toza havo sayrini qoldirmang. Bu salomatligingiz mustahkamlanishida alohida ahamiyatga ega.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 26 iyun kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?