40 yoshdan keyin sportzalga soatlab borish shart emas: mutaxassis muqobil usulni aytdi

Amerikalik fitnes murabbiyining ta’kidlashicha, 40 yoshdan oshgan insonlar mushaklarini mustahkam saqlash, kuch va harakatchanlikni oshirish uchun sportzalga ko‘p vaqt sarflashi shart emas. Uning fikricha, buning uchun har kuni 10 daqiqa davomida muayyan mushak guruhlariga qaratilgan kuch mashqlarini bajarish ham yetarli bo‘lishi mumkin. Bu haqda Fox News nashri xabar berdi.
Fox News yozishicha, 63 yoshli Daykeler 28 yildan beri BODi fitnes brendini boshqarib keladi. U mushak guruhlarini kunlar bo‘yicha navbatma-navbat mashq qildirishni tavsiya etadi. Masalan, bir kuni ko‘krak mushaklarini, keyingi kuni tananing yuqori qismini, boshqa kuni esa oyoq va dumba mushaklarini mashq qildirish mumkin.
«Kuniga 10 daqiqa ajratish orqali mushaklarni o‘stirish va ularni mustahkam saqlash mumkin», — deydi mutaxassis.
Shu bilan birga, u kuch mashqlarini yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilovchi kardio mashqlar hamda egiluvchanlikni oshiruvchi mashqlar bilan birga bajarishni tavsiya qiladi.
Daykelerning ta’kidlashicha, yosh o‘tishi bilan mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi faqat tashqi ko‘rinishni yaxshilash emas, balki jismoniy kuchni saqlash, erkin harakatlana olish va kundalik hayotda boshqalar yordamisiz mustaqil yashash qobiliyatini asrashdan iborat bo‘lishi kerak.
Vaznni sezilarli darajada kamaytirishni istaganlarga esa mutaxassis kundalik jismoniy faollik davomiyligini 20–30 daqiqagacha oshirishni maslahat beradi.






























Izohlar 0
…