Alisher Uzoqov birrov to‘y xizmati narxini ochiqladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Alisher Uzoqov o‘zbek to‘ylarida birrov xizmati narxi 3 ming dollardan boshlanishini tasdiqladi va bu narx evaziga uch-to‘rtta qo‘shiq ijro etilishini aytdi.
- Uning ta’kidlashicha, ba’zi oilalar aynan uning “Oshiq yurak” yoki “Nahotki” kabi qo‘shiqlarini eshitishni istab chaqirganida shunday narx aytilishi mumkin.
- Xonanda to‘y xizmatlariga tez-tez chiqmasligini, ba’zan esa boshqa ishlar sabab takliflarni rad etishiga to‘g‘ri kelishini qo‘shimcha qildi.
Aktyor va xonanda Alisher Uzoqov “Intervyu TV” dasturidagi suhbatda o‘zbek to‘ylaridagi birrov xizmat narxi haqida gapirdi.
Suhbat davomida undan “O‘zbek to‘ylaridagi eng qimmat san’atkor kim?” deb so‘ralganida, Alisher Uzoqov qisqacha “Bilmayman”, deb javob berdi.
Shundan so‘ng jurnalist uning birrov xizmat narxi 3 ming dollardan boshlanishini va uni o‘zi bilgan eng qimmat san’atkor ekanligini aytib, bu ma’lumot to‘g‘ri yoki yo‘qligini so‘radi.
“Ha, shunaqa. Endi eng qimmati men bo‘ldimmi?” — dedi Alisher Uzoqov hazil aralash.
Jurnalist esa 3 ming dollarga birrov doirasida nechta qo‘shiq kuylanishi bilan qiziqdi. Xonanda bu narx evaziga uch-to‘rtta qo‘shiq ijro etilishini aytdi.
Alisher Uzoqov aslida to‘y xizmatlariga tez-tez chiqmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim oilalar aynan uning ijrosini, xususan, “Oshiq yurak” yoki “Nahotki” kabi qo‘shiqlarini eshitishni istab chaqirmoqchi bo‘lishganida, shunday narx aytilishi mumkin.
“Shunaqa yoshlar, shunaqa oilalar borki, 'Alisher Uzoq kerak, aynan 'Oshiq yurak' qo‘shig‘i kerak', deydiganlar bo‘ladi. 'Nahotki' kerak, deydiganlar bo‘ladi. Shunda shunaqa narx aytiladi. Bu kammi?” — dedi xonanda.
Jurnalistning “Ozgina qo‘shish kerak, kam”, degan haziliga Alisher Uzoqov ham kulib javob berdi.
“5 ming qilamizmi? Rizqda baribir. Shuning uchun ham to‘ylarga ko‘p chiqilmaydi. Bo‘lsa, bir-ikkita yoki uchta shunaqa bo‘lib qolishi mumkin”, — dedi u.
Suhbat davomida jurnalist xonandaning vaqti bo‘lsa, 3 ming dollarga to‘yga chiqishi mumkinligini, vaqti bo‘lmasa taklifni rad etishi ehtimoli borligini aytdi. Alisher Uzoqov esa yaqinda shunday holat bo‘lganini esladi.
“Bo‘ldi, yaqinda shunaqa ham. Bora olmadim. Chunki undan oldin boshqa ish olib qo‘yilib, toqqa chiqib ketish kerak bo‘lib qolgandi. Shuning uchun chiqib ketib qoldik”, — dedi aktyor.
Ma’lumot uchun, Alisher Uzoqov “Oshiq yurak”, “Nahotki” kabi qo‘shiqlari hamda kino va seriallardagi rollari bilan tanilgan.
Sizningcha, san’atkorning to‘yda birrov xizmatiga 3 ming dollar to‘lash o‘zini oqlaydimi? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.






























Izohlar 0
…